Örmonlarni qayta tiklaş loyihalari davlat-xususiy şeriklik asosida qöllab-quvvatlanmoqda
Iqlim özgarişi oqibatlarini yumşatiş, degradatsiyaga uçragan yerlarni tiklaş hamda örmonzorlar maydonini kengaytiriş bugungi kunda nafaqat ekologik, balki muhim iqtisodiy ahamiyat ham kasb etmoqda. Xususan, uglerod bozorini rivojlantiriş orqali tabiatni muhofaza qiliş loyihalariga xususiy investitsiyalarni jalb etiş uçun keng imkoniyatlar oçilmoqda.
Mamlakatimizda ham bu yönalişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2026-yil yakuniga qadar Orolböyi mintaqasidagi 50 ming gektar maydonni qamrab oluvçi örmon uglerod birliklari dasturini işga tuşiriş vazifasi belgilangan.
Uşbu yönalişdagi istiqbolli taşabbuslar BMTning Iqlim özgarişi böyiça 31-konferensiyasi (COP31) doirasida Özbekiston milliy pavilonida taşkil etilgan tadbirda atrofliça muhokama qilindi. “Özbekistonda örmon barpo etiş va landşaftlarni tiklaş kölamini kengaytiriş: yuqori ekologik yaxlitlikka ega uglerod bozorlari, iqlimiy moliyalaştiriş va davlat-xususiy şeriklik” mavzusidagi muloqotda yerlarni qayta tiklaş, uglerodli moliyalaştiriş mexanizmlarini joriy etiş hamda bu jarayonga xususiy sektor sarmoyalarini jalb qiliş masalalariga urğu berildi.
Tadbirda Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasi huzuridagi Barqaror rivojlaniş böyiça davlatlararo komissiyaning Ilmiy-axborot markazi direktori Uluğbek Murodov sözga çiqib, uglerod bozorlari iqlim loyihalarini moliyalaştirişda tobora muhim vositaga aylanib borayotganini taʼkidladi.
Davlat-xususiy şeriklikning amaliy namunasi sifatida “Acta Climate Solutions” kompaniyasi bilan hamkorlikda işlab çiqilayotgan loyiha taqdim etildi. Unga köra, tanazzulga uçragan qariyb 50 ming gektar örmon fondi yerlarida yangi daraxtzorlar barpo etiş rejalaştirilgan.
Loyiha doirasida hududlarni ilmiy asosda tanlaş, mahalliy iqlim va tuproq şaroitiga mos daraxt turlarini ekiş, jarayonga mahalliy örmon xöjaliklarini keng jalb qiliş, raqamli monitoring tizimini joriy etiş közda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga köra, uşbu loyiha orqali qariyb 158 million dollar miqdorida xususiy sarmoya jalb etilişi kutilmoqda. Şuningdek, kelgusi 49 yil davomida CO₂ ekvivalentida taxminan 12 million tonna uglerod birliklari hosil qilinişi prognoz qilingan.
Albatta, bunday taşabbuslarning samaradorligi nafaqat moliyaviy körsatkiçlar, balki erişilgan real ekologik natijalar bilan ham ölçanadi. Şu bois örmonlarni tiklaşda mahalliy ekotizim xususiyatlarini inobatga oliş, köçatlarning yaşovçanligini taʼminlaş hamda uglerod singdirilişini xalqaro standartlar asosida nazorat qiliş dolzarb ahamiyatga ega.
A.RUSTAMOV,
ÖzA