Ona tiliga ehtirom – millatga ehtirom
21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. Har yili ushbu sana O‘zbek tili bayrami kuni sifatida mamlakatimizda keng va ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Shu munosabat bilan tarixiy va hamisha navqiron Xiva shahrida ham “O‘zbek tili – millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining boy tarixi, uning hayotimizdagi o‘rni hamda tilimizni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazish har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidladi.

– Ona tilimiz – millatning ruhi, ma’naviyatimiz ko‘zgusi va mustaqilligimizning mustahkam ustunlaridan biridir, – deydi Xiva shahar hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Abdullayeva. – Xivaning tarixiy muhiti va yangidan qurib bitkazilgan “Madaniyat markazi” manzaralari fonida o‘tgan ushbu bayram tadbiri ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bayram arafasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar va ifodali o‘qish tanlovlari, barcha tashkilotlar xodimlari ishtirokida umummilliy diktant tadbirlari o‘tkazildi. Bu tadbirlar yana davom etadi. Chunki, ona tiliga ehtirom – millatga ehtirom, uning ravnaqi uchun mas’uliyat esa kelajak oldidagi sharafli burchdir.

Bayram tadbirida taniqli shoir va yozuvchilar, Ogahiy ijod maktabi o‘quvchilari, ijodkor yoshlar tomonidan ona tilini madh etuvchi she’rlar va mumtoz asarlardan namunalar o‘qildi.
Shahar madaniyat bo‘limi va viloyat maqom ansambli san’atkorlari tomonidan tayyorlangan kuy va jozibali qo‘shiqlar tadbirga bo‘lakcha fayz bag‘ishladi.

Tadbir doirasida o‘zbek tili va adabiyotiga oid nodir manbalar, zamonaviy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yana bir bor namoyon etib, yoshlar qalbida vatanparvarlik va milliy iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri