O‘n yoshga mas’ul nuroniylar bellashmoqda
Surxondaryo viloyatida “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining tuman, shahar bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Tanlovning Oltinsoy tumani bosqichi 15-bolalar musiqa va san’at maktabi zalida o‘tkazildi. Keksa va o‘rta avlod vakillari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Mahallalarda har bir nuroniyga o‘n nafar yosh mas’ul etib belgilangani ham yaxshi samaralar berayotgani, mazkur tanlov keksa avlod vakillarining tajribalarini ommalashtirib, eng faol nuroniylarni munosib rag‘batlantirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan tanlovning hududiy bosqichi ishtirokchilari dastlab tadbir qatnashchilarini o‘z faoliyatlari bilan tanishtirdi. Ikkinchi shartda hakamlar ularning ish jarayoni aks etgan albomlarni ko‘zdan kechirib, xolisona baho berdi. Uchinchi shartda o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan olib borayotgan ishlari, mahallada ajrimlarning oldini olish, Prezidentimizning farmon va qarorlari targ‘iboti, yoshlar tarbiyasi yo‘lidagi ishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

– Tanlovda nuroniylarimiz juda faol qatnashgani boy taassurot uyg‘otdi, – deydi tanlov hakamlar hay’ati raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Ashurali Oripov. – Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul loyihasi nuroniylarimizni jamiyat hayotiga jalb etgani sezilmoqda. O‘g‘il-qizlar tarbiyasida keksa avlod tajribasidan oqilona foydalanayotir. Ajrim yoqasida turgan o‘nlab yosh oilalarning barqarorligi ta’minlanmoqda. Asrlar davomida sayqal topgan qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usi yuksalmoqda.

Tanlovda Chep mahallasidan Omonturdi Esonov birinchi, Qoratepa mahallasi nuroniysi Ibrohim Obilov ikkinchi, Ipoq mahallasidan Chorshanbi Aliqulov uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar tanlov tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri