Olloyor Norbo‘tayev: "maqsadimiz – bekatni do‘kon emas, avvalo bekat sifatida shakllantirish"
Bekatlar – savollarga yetaklar...
Aholining jamoat transportlarida erkin harakatini tashkil etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida sohada tub burilishlar amalga oshirildi. Jumladan, raqamlashtirish jarayonlari tizimda shaffof va sifatli harakatni ta’minlab kelmoqda. Shu o‘rinda aholi uchun zamonaviy bekatlar tashkil etish masalasida ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo ularning yurtimiz tabiati va aholi talabiga mos barpo etilishi yuzasidan turlicha talqinlar ham uchraydi. Darhaqiqat, poytaxt bekatlaridagi modernizatsiya jarayonlari va uning aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari qay darajada talabga javob beradi? Shular xususida Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev bilan suhbatlashdik.

– Avvalo, zamonaviy bekatlar borasidagi fikringizni bilsak, aslida ular qanday standartlarga javob berishi kerak?
– Zamonaviy avtobus bekati birinchi navbatda, xavfsiz, qulay va barcha foydalanuvchilar uchun birdek ochiq bo‘lishi kerak. Bekatni tashkil etishda amaldagi “Avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalaridagi avtobus bekatlari. Umumiy texnik talablar” standartiga rioya etiladi. Ushbu standart 2023-yilda tasdiqlangan. Bunda bekat maydonchasi, yo‘lovchilar kutish hududi, piyodalar yo‘laklari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun pandus va qulay chiqish-tushish imkoniyati, yoritish, o‘rindiqlar, axborot ko‘rsatkichlari hamda boshqa zarur infratuzilma elementlari nazarda tutiladi.
Shuningdek, zamonaviy bekat faqat tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki yozda quyoshdan, kuz-qish mavsumida yog‘ingarchilik va shamoldan himoya qilishi, yo‘lovchilar xavfsizligi va jamoat transportining samarali harakatini ta’minlashi bilan baholanadi.
– Bugun poytaxtimizdagi bekatlar soni qancha va yana nechtasi modernizatsiya qilinishi rejalashtirilgan?
– Bugun poytaxtimizdagi bekatlarni keng ko‘lamda yangilash jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Joriy yil 1-sentabr holatiga ko‘ra 30 ta ko‘cha bo‘ylab rekonstruksiya ishlari olib borilib, 276 ta zamonaviy avtobus bekati paviloni o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 600 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Aslida, bu bir martalik tadbir emas. Bekatlarni modernizatsiya qilishda avvalo yo‘lovchilar oqimi, ko‘chaning transport yuklamasi, piyodalar harakati va hududning shaharsozlik xususiyatlari inobatga olinadi. Bunda asosiy maqsad – barcha bekatlarni bir xil ko‘rinishga keltirish emas, balki ularni yagona standart asosida, aniq hududning ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etishdir.
– Ma’lumki, bugungi quyoshli kunlar bilan birga oldinda kuz, qish mavsumlari, qor-yomg‘irli kunlar yaqin. Aholining, jumladan, yosh bolali va qariyalarning hozirgi ochiq bekatlardan foydalanishi hamda ularning qulaylik darajasini qanday baholaysiz? – Darhaqiqat, bu masala juda muhim. Yo‘lovchi avtobus kutayotganda quyosh, shamol, yomg‘ir va qordan himoyalangan bo‘lishi lozim. Ayniqsa, yosh bolali ota-onalar, keksalar va harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun bu talab yanada dolzarb. Shu sababli hozirgi modernizatsiya jarayonida faqat pavilonning tashqi ko‘rinishiga emas, balki kutish maydonini kengaytirish, o‘rindiqlar, yopiq himoya hududi, pandus va boshqa qulayliklarni yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, shaharda yangi bekatlar kengaytirilgan perronlar, yo‘lovchilar uchun qulay kutish hududlari, elektron tablo, videokuzatuv va SOS tugmalari kabi elementlar bilan jihozlanmoqda. Shu bilan birga, yangi bekatlarning to‘liq jihozlantirishga ulgurilmagan ayrim nuqtalaridagi kamchiliklar ham bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.
– Bekatlarda maishiy xizmat do‘konlarining bo‘lishi qay darajada noo‘rin edi?
–Bekat, avvalo, yo‘lovchilar uchun avtobus kutish hamda xavfsiz chiqib-tushish joyi bo‘lishi shart. Biroq amaliyotda ayrim bekatlarda joylashtirilgan do‘konlar yo‘lovchilar harakatiga xalaqit berayotgani, avtobuslarning bemalol kirib-chiqishi va kutish hududidan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, maydoni cheklangan bekatlarda savdo ob’ektlarining mavjudligi yo‘lovchilar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda.
Shu sababli, bekatning asosiy vazifasi sifatida transport xizmati ko‘rsatish va yo‘lovchilar qulayligini ta’minlash birinchi o‘rinda turishi lozim. Agar bekat hududida do‘kon yoki boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchasi joylashtirilsa, u piyodalar oqimiga, xavfsizlik qoidalariga va jamoat transporti harakatiga aslo to‘sqinlik qilmasligi shart. Xulosa qilib aytganda, bizning asosiy yondashuvimiz – bekatni tijorat makoni emas, avvalo, yo‘lovchilar uchun qulay transport tuguni sifatida shakllantirishdir.
– Aksariyat bekatlarda avtobuslar kirib chiqishi uchun sharoit mavjud edi, endilikda joylarda avtobuslar qatnov yo‘lida to‘xtayapti, bu tirbandlikka sabab bo‘lib qolyapti. Bekatlarning asosiy qatnov yo‘liga yaqinlashtirilgani nimasi bilan muhim?
–Bekatlarni asosiy qatnov yo‘liga yaqinlashtirishdan maqsad – avtobuslarning bekatga kirib-chiqishdagi ortiqcha manyovrlarini kamaytirish hamda yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishdir.
Avtobusning alohida “karmon”ga kirib-chiqishi, ayniqsa tirbandlik paytida, qo‘shimcha vaqt yo‘qotilishiga olib keladi. Shu bois, yo‘lning imkoniyatidan kelib chiqib, “karmon”larni yopish va jamoat transportini asosiy yo‘lakning o‘zida to‘xtatish maqsadga muvofiq. Bu avtobuslarning bekatdan tezroq chiqib ketishini ta’minlaydi, bekatda turib qolish vaqtini qisqartiradi va umumiy harakat tezligini oshiradi.
Albatta, bunday yechim har bir ko‘cha uchun bir xil qo‘llanilmaydi. Yo‘lning kengligi, qatnov intensivligi va jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarni hisobga olgan holda tanlanadi. Asosiy maqsad – avtobusning bekatda ortiqcha vaqt yo‘qotmasligi va jamoat transporti harakatining tezligi hamda samaradorligini oshirish.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.