Oliy ta’limda hamkorlik kengaymoqda
Mamlakatimizning oliy ta’limida amalga oshirilgan islohotlar avvalo uning jozibadorligini oshirdi. Xalqaro reyting agentliklari esa buni o‘z vaqtida e’tirof etmoqda.
Shuning uchun ham bo‘lib o‘tayotgan xalqaro forumlar kun tartibiga albatta shu soha masalalari kiritilyapti. Masalan, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Farg‘ona davlat texnika universiteti hamda Janubiy Koreyaning "AHA" kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, "AHA" kompaniyasi tomonidan Farg‘ona davlat texnika universiteti talabalari uchun har yili 10 ta grant ajratiladi. Shuningdek, dual ta’lim, talabalarni amaliyot va ish bilan ta’minlash, ishlab chiqarishda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda universitet-sanoat hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.

"AHA" ko‘magida FDTU va Janubiy Koreyaning nufuzli Seoultech universiteti bilan o‘zaro foydali loyihalar qabul qilindi. Xususan, Seoultech tomonidan FDTUning 2 nafar talabasi uchun grant ajratildi hamda ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bular shubhasiz, talabalarga yangi imkoniyatlar yaratish va universitetning global hamkorlik tarmog‘ini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA