Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi (+video)
Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lganidek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham 2026–2027-o‘quv yili boshlandi.
Joriy qabul natijalariga ko‘ra, universitetning 11 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 077 nafar yosh 1-bosqich talabaligiga qabul qilindi. Ularning 783 nafari kunduzgi, 214 nafari kechki, 80 nafari esa masofaviy ta’lim shaklida tahsil oladi. Talabalarning 260 nafari davlat granti, 817 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Ayni vaqtda, qo‘shimcha qabul jarayonlari davom etayotgani bois birinchi bosqich talabalari soni yana ortishi kutilmoqda.
Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nafaqat yurtimizda, balki xalqaro akademik maydonda ham o‘zining munosib o‘rniga ega ta’lim va ilmiy markazlardan biridir. Xususan, oliygohning THE Impact Rankings reytingida 2022-yildagi 1000+ o‘rindan 2024-yilda TOP-101+ pog‘onaga ko‘tarilgani, gender tengligi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni, sifatli ta’lim bo‘yicha esa 28-o‘rinni egallagani, shuningdek, QS reytingida “Zamonaviy tillar” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning TOP-251+ universitetlari qatoridan joy olgani uning xalqaro nufuzini yaqqol namoyon etadi.
Universitetning Oksford universitetidagi “O‘zbekshunoslik dasturi”, Italiyaning Ka-Foskari universitetidagi “O‘zbekiston burchagi”, dunyoning turli mamlakatlaridagi o‘zbek tili va madaniyati markazlari, xalqaro ta’lim hamda ilmiy loyihalari yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Endilikda ana shu shonli tarix, an’analar va yutuqlarning munosib davomchisi bo‘lish navbati yangi avlod talabalariga nasib etmoqda. Fursatdan foydalanib, barcha talabalarni ijodiy jamoamiz nomidan tabriklaymiz hamda ularning ilmiy-ijodiy izlanishlariga omad, unutilmas talabalik yillarida katta marralarni zabt etishlariga tilakdoshmiz.
Muhayyo TURDALIYEVA, Nishonboy ABDUVOITOV, O‘zA