OKMKda işlab çiqariş salohiyati yuksalmoqda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida "Sanoat taraqqiyotining yangi bosqiçi: OKMKning yirik investitsiya loyihalari" mavzusida press-tur va oçiq eşiklar kuni taşkil etildi.
Unda ommaviy axborot vositalari vakillari iştirok etib, kombinatda amalga oşirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, zamonaviy işlab çiqariş quvvatlari va yangi texnologik yeçimlar bilan yaqindan tanişdi. Dastlab jurnalistlar uçun kombinatning istiqbolli loyihalari, işlab çiqariş salohiyatini oşiriş va mavjud mineral-xomaşyo bazasidan samarali foydalaniş borasidagi işlar yuzasidan taqdimot ötkazildi. Şundan söng iştirokçilar 3-Mis boyitiş fabrikasida bölib, uning işlab çiqariş jarayoni, zamonaviy texnologik imkoniyatlari hamda dastlabki natijalarini közdan keçirdi.

Taʼkidlaş joizki, ayni paytda kombinatni 2030-yilgaça rivojlantiriş konsepsiyasi asosida keng kölamli işlar amalga oşirilmoqda. Unda işlab çiqariş hajmini oşiriş, yangi quvvatlarni işga tuşiriş va korxonaning xalqaro bozordagi raqobatbardoşligini mustahkamlaş ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu borada “Yoşlik-1” konini özlaştiriş va yangi boyitiş quvvatlarini barpo etiş muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– 2026-yil 16-mart kuni rasman faoliyatini boşlagan 3-Mis boyitiş fabrikasi jahonning ilğor texnologiyalari va yuqori sifatli standartlari asosida barpo etilgan, – deydi “Olmaliq KMK” AJ 3-Mis boyitiş fabrikasi boş muhandis örinbosari Şahzod Yuldaşev. U yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta işlaş va qariyb 900 ming tonna mis konsentrati işlab çiqariş quvvatiga ega fabrika nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki jahondagi yirik mis boyitiş majmualari qatorida munosib örin egallaydi. Quvvati jihatidan u Perudagi “Cerro Verde” va “Toromocho”, Çilidagi “Escondida”, “Los Pelambres” hamda “Collahuasi” kabi yirik mis-molibden boyitiş korxonalari bilan bir qatorda turadi. Fabrikaning işga tuşirilişi jahon bozorida misga bölgan talab ortib borayotgan bir şaroitda Özbekistonning eksport salohiyatini mustahkamlaş, valyuta tuşumlarini köpaytiriş, mahalliy işlab çiqarişni diversifikatsiya qiliş va milliy iqtisodiyotda mis klasterini rivojlantiriş uçun muhim zamin yaratadi.

Dastlabki işlab çiqariş natijalari ham yangi majmua imkoniyatlari kengayib borayotganini körsatmoqda. Xususan, 16-martdan 3-noyabrga qadar fabrikada 10 million tonna maʼdan qayta işlanib, Mis eritiş zavodiga 160 ming tonnadan ortiq mis konsentrati yetkazib berildi. Bu körsatkiç fabrika faoliyatidagi ilk yirik natijalardan biri bölib, işlab çiqariş quvvatlarini bosqiçma-bosqiç özlaştiriş jarayoni izçil davom etayotganini anglatadi.

Maʼdanni qayta işlaş hajmining ösiş dinamikasi ham eʼtiborga molik. Agar mart oyida 661,5 ming tonna maʼdan qayta işlangan bölsa, iyun oyiga kelib bu körsatkiç 1 million 161 ming 805 tonnaga yetdi. Oktyabr oyida esa 1,6 million tonnadan ortiq maʼdan qayta işlandi. Bu mart oyidagi natijaga nisbatan qariyb 2,5 barobar köp demakdir. Ayni vaqtda fabrikadagi 12 ta tegirmondan 11 tasi töliq işlab turibdi. Qolgan tegirmonda esa sozlaş va sinov işlari olib borilmoqda.

Press-turning keyingi manzili kombinatning öz kuçi va imkoniyatlari bilan barpo etilgan Kovuldi oltin saralaş fabrikasi böldi. Joriy yil 15-may kuni foydalanişga topşirilgan mazkur fabrika “Kovuldi” va “Quyi-Kenjasoy” konlaridan qazib olinadigan maʼdanlarni qayta işlaşga ixtisoslaşgan. Uning yillik quvvati 200 ming tonna xomaşyodan qimmatbaho metallarni ajratib olişga möljallangan.
Jarayonda Oltin saralaş fabrikasi boş muhandisi Ahmadxon Abdurahimov bu haqda jurnalistlarga maʼlumot berdi. Xususan, loyiha doirasida ikki qavatli maʼmuriy-xöjalik binosi, işçilar uçun oşxona va yuviniş xonalari barpo etildi. Işlab çiqariş jarayoni uçun zarur texnologik uskunalar, jumladan, flotamaşinalar, gidrotsiklonlar, tegirmonlar, klassifikatorlar, kontakt çanlar va quyultirgiçlar örnatildi. Şuningdek, yuk kötariş quvvati 20, 5 va 2 tonna bölgan köprik kranlar montaj qilindi, qöriqlaş xizmati xodimlari uçun alohida bino qurildi.

Muhimi, fabrikada örnatilgan uskunalar kombinatning Markaziy taʼmirlaş-mexanika zavodi tomonidan mahalliylaştiriş dasturi asosida tayyorlangan. Bu esa mahalliy işlab çiqariş imkoniyatlaridan samarali foydalaniş, import örnini bosuvçi mahsulotlar uluşini oşirişda muhim ahamiyatga ega. Şu bilan birga, 151 ta yangi iş örni yaratildi.
Press-turda namoyiş etilgan loyihalar OKMKda işlab çiqarişni modernizatsiya qiliş, maʼdanni çuqur qayta işlaş, yangi quvvatlarni işga tuşiriş va mahalliylaştiriş borasida amalga oşirilayotgan işlar kölamini yaqqol namoyon etdi.

Maʼlumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mineral-xomaşyo bazasi “Qalmoqqir”, “Sariq-Çöqqi”, “Yoşlik-1” oçiq konlari hamda törtta yerosti konidagi zaxiralarga asoslangan. Mavjud resurslar salohiyatini aniqlaş va kengaytiriş maqsadida zaxiralar JORC kodeksi standartlari asosida qayta baholanib, konlarning matematik-geologik modellari yaratilgan.
Mutaxassislarning bahosiga köra, “Yoşlik-1” va “Qalmoqqir” konlarining birlaşişi natijasida dunyoda maʼdan tarkibidagi oltin hajmi böyiça eng yirik konlardan biri şakllanadi. Kombinat zaxiralari maʼdan tarkibidagi oltin hajmi böyiça jahonda birinçi, mis konlaridagi maʼdanning örtaça oltin tarkibi böyiça ikkinçi, maʼdan hajmi böyiça uçinçi, tarkibidagi mis hajmi böyiça esa oltinçi örinda qayd etilgan.
A.Musayev,ÖzA