“Oilamga mening hissam” - birdamlik va mehr bayrami
Qo‘riqlash xizmati tizimida inson qadrini ulug‘lash, oila farovonligini ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan “Oilamga mening hissam” shiori ostidagi keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirda tizim rahbariyati, xizmat xodimlari, ularning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, oila, ma’naviyat va jamiyat barqarorligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning oilaviy muhitini yanada mustahkamlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xizmat va oila uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek, ma’naviy barkamol va sog‘lom jamiyatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir avvalida so‘zga chiqqan rahbariyat vakillari mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash hamda oila institutini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlab, Qo‘riqlash xizmati tizimida ham xodimlar va ularning oila a’zolari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvlarda xodimlarning oila a’zolari bilan bevosita suhbatlar tashkil etildi. Unda ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglanib, qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, farzandlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni turli salbiy ta’sirlardan asrash kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim murojaatlar joyida hal qilinib, mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda turli tashkilot va korxonalar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinib, fuqarolarga ishga joylashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, mutaxassislar tomonidan kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kichik biznesni rivojlantirish va o‘z biznesini boshlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Bu esa ishtirokchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Tadbirning ma’naviy-ma’rifiy qismi ham mazmunan boy va ta’sirchan tashkil etildi. Xususan, kitob yarmarkasida badiiy adabiyotlar, bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar, ilmiy-ommabop hamda ma’naviy-ma’rifiy qo‘llanmalar namoyish etildi. Kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan mazkur tashabbus ayniqsa, yoshlar va bolalarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qildi.

Kun davomida tashkil etilgan “Men g‘olib” shiori ostidagi sport musobaqalari tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Turli sport bahslarida xodimlar va ularning oila a’zolari faol ishtirok etib, chaqqonlik, matonat, jamoaviy hamjihatlik va sog‘lom raqobat namunasini namoyon etdi. Ayniqsa, ota-onalar va farzandlarning birgalikda ishtirok etgani tadbirning tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqalar yakunida g‘olib hamda sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova,
O‘zA