Soliq inspeksiyasida korrupsiya holati aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspeksiyasi xodimlarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Xususan, Bektemir tumani soliq inspeksiyasining sho‘’ba boshlig‘i mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmaganligi holati bo‘yicha ariza kelib tushganligidan xabardor bo‘lib, xizmat mavqeidan foydalangan holda ushbu murojaat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va sudga taqdim etmaslik evaziga 4 mln so‘m miqdorida pora talab qilgan.
U mazkur pul mablag‘ini soliq inspeksiyasi inspektori orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida joriy yilning aprel oyida mazkur inspektor aynan mana shu do‘konda boshqa bir mijozga savdo cheki berilmaganligi holati bo‘yicha kelib tushgan murojaatni ko‘rmasdan qoldirish evaziga 1,5 mln so‘m olganligi aniqlandi.
Hozirda ushbu soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.