Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazishning tartib tamoyillari
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida “Kompleks gender yondashuv asosida davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazishning tartib tamoyillari” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida gender tengligini ta’minlash, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda inklyuziv boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan tadbirda davlat boshqaruvi tizimida gender tenglik prinsiplarini institutsionallashtirish, gender audit mexanizmlarini amaliyotga joriy etish va sohada faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan davlat tashkilotlarida gender tenglik siyosati samaradorligini baholash, kadrlar siyosatida teng imkoniyatlar prinsiplarini kuchaytirish, gender tenglik tamoyillarini boshqaruv tizimiga keng joriy etish va tahlil qilish, genderga sezgir boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
[gallery-29648]
Shuningdek, o‘quv-seminarda gender audit tushunchasi va uning ahamiyati, kompleks gender yondashuv tamoyillari, xalqaro tajriba va standartlar, gender audit o‘tkazish metodologiyasi hamda monitoring mexanizmlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
– Gender tenglikni ta’minlash nafaqat ijtimoiy adolat masalasi, balki davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, inson kapitali salohiyatidan to‘liq foydalanish va barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omili hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi Gender-auditori Mahbuba Kambarova. – Seminar jarayonida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, keys-stadi tahlillari, guruhli muhokamalar, vaziyatli mashqlar, savol-javob sessiyalari va gender auditga oid namunaviy hujjatlar tahlili orqali ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Seminar yakunida davlat tashkilotlarida gender tenglikka oid institutsional mexanizmlarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, gender auditni tizimli yo‘lga qo‘yish, qaror qabul qilish jarayonlarida ayollar ishtirokini kengaytirish hamda inklyuziv mehnat muhitini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari