Ofatlarga bardoshlilik – jamiyat barqaror taraqqiyotining muhim sharti
Tabiiy ofatlar inson hayoti va faoliyatiga, salomatligiga xavf solishi bilan xatarlidir. Ularning xavfini, ziyonini kamaytirish ham insonlar hayoti, ham atrof-muhit osoyishtaligi, ham mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarning oldini oladi. Shu bilan birga, barqaror rivojlanishda muhim o‘rin tutadi.
Shu ma’noda Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni butun insoniyat rivoji va barqaror taraqqiyot yo‘lida muhim sanalardan biri hisoblanadi. Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev O‘zA muxbiriga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Barqaror taraqqiyot nafaqat iqtisodiy o‘sish, investitsiyalar va infratuzilma rivoji, balki jamiyatning xavf-xatarlarga tayyorligi bilan ham o‘lchanadi. Zero, tabiiy ofatlar inson hayotiga tahdid solishi, uy-joy va ijtimoiy ob’ektlarga zarar yetkazishi, yillar davomida erishilgan yutuqlarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Har yili 13-oktabrda nishonlanadigan Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish xalqaro kuni ana shu masalalarga e’tibor qaratishga xizmat qiladi.
BMTning Ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha boshqarmasi 2026-yilgi xalqaro kun mavzusini «Bardoshlilik uydan boshlanadi» deb belgiladi. Bu g‘oya xavfsiz jamiyat, avvalo, xavfsiz xonadondan boshlanishini anglatadi. Zilzilabardosh uy-joy, soz elektr va gaz tarmoqlari, xavfsiz isitish uskunalari hamda favqulodda vaziyatda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari insonlarni muhofaza qilishning muhim shartlaridir. Biroq, bu faqat oilalarning emas, davlat idoralari, qutqaruv xizmatlari va jamoatchilikning ham umumiy mas’uliyatidir.
O‘zbekistonda ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga tizimli e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning 2025-yil 20-oktabrdagi farmonida xavflarni oldindan aniqlash, profilaktikani kuchaytirish, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish vazifalari belgilangan. Asosiy maqsad — ofat sodir bo‘lganidan keyin oqibatlarni bartaraf etish bilan cheklanmay, ehtimoliy talafotlarni avvaldan kamaytirish.
Kuni kecha Favqulodda vaziyatlar vazirligining e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 41 ta favqulodda vaziyat qayd etilgan — bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foiz kam. Turar joylarda 607 mingdan ortiq xavfsizlik qoidalari buzilishi aniqlangan va ularning 88 foizdan ziyodi bartaraf etilgani xabar qilingan. Bu raqamlar profilaktika bilan birga xonadonlardagi xavf omillarini kamaytirish hali ham dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
Ofatlarga bardoshli jamiyatni shakllantirishda mahalla muhim o‘rin tutadi. Chunki mahalla faollari hududning xususiyatlari, ehtiyojmand oilalar va yordamga muhtoj fuqarolar holatini yaxshi biladi. Tog‘oldi hududlarida sel va ko‘chki, seysmik faol joylarda zilzila, aholi zich hududlarda yong‘in xavfi va evakuatsiya imkoniyatlarini oldindan baholash zarur. Yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda bolali oilalar xavfsizligini rejalashtirish, aholi uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish bu ishlarning ajralmas qismidir.
Ofatlar xavfini kamaytirish BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham bevosita bog‘liq. Xususan, 11-maqsad xavfsiz va bardoshli shaharlar hamda aholi punktlarini barpo etishga, 13-maqsad esa iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi chora ko‘rishga qaratilgan.
Seldan zarar ko‘rgan qishloq xo‘jaligi yerlari oziq-ovqat xavfsizligiga, maktab faoliyatining to‘xtashi ta’limga, elektr yoki yo‘l tarmoqlarining ishdan chiqishi iqtisodiyot va aholi turmushiga ta’sir qiladi. Demak, xavfsizlikka sarflangan mablag‘lar — kelajakdagi yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan sarmoya.
Markaziy Osiyoda zilzila, sel, ko‘chki, qurg‘oqchilik, kuchli issiq va chang bo‘ronlari kabi xavflar mavjud. Iqlim o‘zgarishi ayrim gidrometeorologik xavflarni kuchaytirishi mumkin; shaharlashuv va qurilish ko‘lamining kengayishi esa ehtimoliy zarar ko‘lamiga ta’sir qiladi. Shu bois, yangi turar joylar, maktablar, shifoxonalar va infratuzilma ob’ektlarini rejalashtirishda seysmik holat, suv toshqini xavfi va evakuatsiya imkoniyatlari hisobga olinishi kerak. Raqamli xaritalar va erta ogohlantirish texnologiyalari aniq boshqaruv qarorlariga xizmat qilishi lozim.
Samaradorlikni faqat o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yoki tarqatilgan tavsiyanomalar soni bilan baholash yetarli emas. Aholi ogohlantirishni o‘z vaqtida oladimi, uni tushunadimi, zarur harakatni bajara oladimi — asosiy mezon shular bo‘lishi kerak. Buning uchun mahallalar xavf xaritalarini yangilash, o‘quv mashqlarini hayotiy vaziyatlarga yaqinlashtirish, fuqarolik jamiyati va volontyorlar ishtirokini kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Tabiiy ofatlarning oldini har doim ham to‘liq olib bo‘lmaydi. Ammo ularning oqibatlarini yengillashtirish, inson hayotini muhofaza qilish va jamiyatning tez tiklanish qobiliyatini oshirish o‘z qo‘limizda. Buning uchun xavfsizlik har bir xonadon, mahalla, korxona va davlat idorasining kundalik faoliyatida ustuvor qadriyatga aylanishi zarur. Zero, haqiqiy barqaror taraqqiyot — erishilgan yutuqlarni ham insonlar uchun xavfsiz saqlab qola olishdir.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.