Bilimli yoshlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Ba’zan bir uchrashuvning qimmati unda qatnashgan odam soni bilan emas, ishtirokchilarning qalbida yangi maqsadlar uyg‘ongani bilan o‘lchanadi. Jizzaxda “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotda ham ana shunday ruh sezildi. Yoshlar savol berdi, imkoniyatlar bilan qiziqdi, xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qish orzusini yana bir bor o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan targ‘ibot-seminar va uchrashuvlarning mohiyati ham shunda – iqtidorli yoshlarga mavjud imkoniyatni shunchaki aytib qo‘yish emas, balki uning oldidagi yo‘lni aniq ko‘rsatish.
Jizzaxdagi uchrashuvda universitet talabalari, maktab va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari, yoshlar yetakchilari hamda davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Muloqot davomida jamg‘arma stipendiyalari, tanlov shartlari, hujjat topshirish tartibi, xorijiy til bilimiga qo‘yiladigan talablar va chet elda tahsil olib qaytgan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda bir jihat, ayniqsa, e’tiborni tortdi. Zalda o‘tirgan yoshlarning yarmidan ko‘pida IELTS va SAT kabi xalqaro sertifikatlar bor edi.
Jamg‘arma mas’ul xodimi Abduaziz Kenjaboyevning aytishicha, hududlardagi uchrashuvlarda yoshlarning tayyorgarlik darajasi tobora oshib bormoqda. Agar avvalgi muloqotlarda xalqaro sertifikatlarning ahamiyati ko‘proq tushuntirilgan bo‘lsa, bugun yoshlarning o‘zi bu talablarni yaxshi anglab, zarur hujjatlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
– Viloyat yoshlarida xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish, zamonaviy bilim va mutaxassisliklarni egallab, yurtimizga qaytib o‘z hissasini qo‘shish ishtiyoqi kuchli. Buni har bir uchrashuvimizda yaqqol sezyapmiz, – deydi u.
Bugun dunyoda ta’lim uchun raqobat faqat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida emas, bilim va imkoniyatlar uchun intilayotgan yoshlar o‘rtasida ham kechmoqda. Shu ma’noda “El-yurt umidi”ning hududlarga chiqib, imkoniyatlarni bevosita yoshlarga yetkazayotgani muhim.
Samarqand davlat universiteti magistratura bitiruvchisi, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i yordamchisi Ra’no Norbekovaning uchrashuvdan keyingi taassurotlari bu fikrni yanada tasdiqladi. U Buyuk Britaniyadagi Glazgo universitetiga qabul xati olgan, ammo xorijda o‘qish va buning uchun zarur shartlarni hal etish haqida o‘ylab turgan edi.
[gallery-31837]
– Bugungi uchrashuv menga yangi kuch va katta rag‘bat berdi. Endi “El-yurt umidi” jamg‘armasining navbatdagi stipendiya tanlovida albatta ishtirok etishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Bu men uchun nafaqat xorijda ta’lim olish, balki qaytib kelgach, orttirgan bilim va tajribalarimni yurtimiz yoshlari bilan ulashish imkoniyati hamdir, – deydi Ra’no Norbekova.
Bu niyatda bugungi yosh avlodning yana bir muhim fazilati ko‘rinadi: xorijga ketishning o‘zi emas, u yerdan bilim va tajriba bilan qaytish, orttirilgan salohiyatni mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirish maqsadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugun bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida xorijda tahsil olish, shuningdek, istiqbolli mutaxassislarni xorijda maqsadli stajirovkaga yuborish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ochiq stipendiya tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan stipendiatlarning o‘qish to‘lovlari, viza, tibbiy sug‘urta, yo‘lkira, yashash va kundalik xarajatlari belgilangan tartibda qoplanadi.
Bu tizimning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan yanada takomillashtirildi. Hujjatda jamg‘arma faoliyatini keng targ‘ib qilish, stipendiya tanlovlari haqida aholiga, ayniqsa, yoshlarga keng ma’lumot berish hamda xorijda tahsil olgan kadrlarning salohiyatidan mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanishga qaratilgan vazifalar belgilangan.
Jizzaxdagi muloqot ana shu vazifalarning hayotdagi ko‘rinishi sifatida yoshlarning orzusi bilan davlat imkoniyatini bir nuqtada uyg‘unlashtirdi. Zaldagi har bir savol, qo‘ldagi har bir sertifikat, kelajak haqidagi har bir reja esa bir haqiqatni ko‘rsatdi: dunyoning eng nufuzli universitetlari eshiklari bilimli yoshlar uchun ham ochilmoqda.
Eng muhimi, bugun o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan yoshlar ertaga mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan bilimli mutaxassislarga aylanadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari