Noqonuniy foydalanish holati fosh etildi
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq navbatdagi qonunbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Sirdaryo hududiy filiali axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan nazorat reydi davomida tumanda faoliyat yurituvchi “O‘.Y.A.” fermer xo‘jaligida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

Tekshiruv jarayonida fermer xo‘jaligidagi elektr hisoblagich uskunasiga ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘liq hisobga olinmasdan, undan noqonuniy ravishda foydalanilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qonunbuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 834 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish va aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri