Nigeriyada harbiy bazaga hujum qilindi
Nigeriya shimoli-sharqida joylashgan Borno shtatida “Boko Haram” terror guruhi tomonidan navbatdagi qonli xuruj amalga oshirildi. Jangarilar Guzamala hududidagi harbiy bazaga to‘satdan bostirib kirib, shafqatsiz o‘t ochgan. Bu haqda mahalliy OAV xabarlariga tayanib “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, hujum oqibatida 10 askar, 4 nafar aholi vakili halok bo‘lgan, bir necha odam og‘ir jarohatlangan. 2000-yillar boshidan buyon fuqarolar va kuch tuzilmalariga dahshat solib kelayotgan mazkur guruh o‘n minglab begunoh inson umriga zavol bo‘ldi.
2015-yildan bu tahdid qo‘shni Kamerun, Chad, Niger kabi davlatlarga ham yoyilib, birgina Chad ko‘li havzasida 2 000 dan ko‘p odamning yostig‘ini quritdi. Muntazam tus olgan vahshiylik va qurolli to‘qnashuv tufayli bugungi kunga kelib yuz minglab mahalliy aholi uyini tashlab qochishga majbur bo‘lmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA