"Neftchi" murabbiyi: murakkab o‘yin, Sasse va asosiy muammo(+video)
"Neftchi" OCHL Elitdagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Farg‘onaliklar Iroqning "Eyr Fors" jamoasini mag‘lub etgan uchrashuvdan so‘ng bosh murabbiy Islombek Ismoilov matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Mutaxassis bahsning nega murakkab kechgani, jamoaning o‘yin davomida bir necha taktik sxemadan foydalangani va g‘alaba yo‘lida tavakkal qilishga majbur bo‘lganini tushuntirdi. Ismoilov, shuningdek, yangi legioner Sassega bildirilayotgan e’tirozlarga munosabat bildirib, futbolchining hozirgi jismoniy holati, uning jamoaga moslashish jarayoni va undan kelgusida nimalar kutilayotgani haqida batafsil gapirdi.
Bosh murabbiy "Neftchi"ning ayni paytdagi asosiy muammolaridan biri himoyadan hujumga o‘tishdagi tezlik yetishmasligi ekanini ta’kidladi. U jamoasidan to‘pni shunchaki nazorat qilish emas, imkon qadar tez oldinga harakatlanib, raqib jarima maydonida ko‘proq vaziyat yaratishni talab qilishini aytdi.
Matbuot anjumanida Jamshid Iskanderovning jarohati bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Ismoilov futbolchi davolanish jarayonida ekanini va yaqin kunlarda safga qaytishi kutilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, FIFA kunlaridagi tanaffusdan jarohat olgan futbolchilarni tiklash uchun foydalanilishi, ushbu davrda bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani ham aytildi.
"Neftchi" bosh murabbiyi Islombek Ismoilov ishtirokidagi matbuot anjumanining eng muhim fikrlari va uchrashuvdan keyingi tahlillarini ushbu lavhada tomosha qilishingiz mumkin.
Abduburxon Mamajanov, Karim Xudoyqulov, O‘zA