Navoiyda 15,5 milliard so‘mlik tender nega jarima bilan yakunlandi?
Tenderda g‘olibni aniqlash jarayoni qanchalik shaffof o‘tdi? Raqobat uchun yaratilgan shartlar barcha ishtirokchilarga birdek tatbiq etildimi?
Bu savollar “Navoiy suv ta’minoti” AJ buyurtmachiligida o‘tkazilgan 15,5 milliard so‘mlik tender bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda kun tartibiga chiqdi.
Tadbirkorlik sub’ektining murojaati asosida Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tender jarayonida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilmagani aniqlandi.
Holat yuzasidan Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, uni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra “Navoiy suv ta’minoti” AJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA