Navoiyda 15 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilar va tadbirkorlar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2026-yilning o‘tgan olti oyi davomida raqobat muhitini ta’minlash, davlat xaridlari shaffofligini oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan 850 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning aksariyati iste’molchilar huquqlarini tiklash va raqobat qonunchiligiga rioya etilishi bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan.
– Murojaatlar va o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida iste’molchilar hamda tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga qariyb 15 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi. Eng muhimi, o‘tkazilgan tahlillar natijasida 100 mingdan ortiq iste’molchilarning huquqlari tiklandi, – deydi hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mamazarif Elmurodov. – Hisobot davrida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish holatlari yuzasidan 25 ta ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimliklarga 7 ta taqdimnoma kiritildi.

Xususan, o‘rganishlar davomida Nurota, Konimex, Navbahor tumanlari va Navoiy hamda G‘ozg‘on shahar hokimliklari tomonidan qabul qilingan ayrim hujjatlarda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi talablari buzilganligi aniqlanib, qonunchilik talablarini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan tahlillar ham salmoqli natija berdi. Joriy yilda davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 507 ta tender savdosi o‘rganilib, ularning 483 tasida raqobatga zid harakatlar aniqlandi.
Misol uchun, “Navoiy viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi” davlat muassasasi buyurtmachiligidagi boshlang‘ich qiymati 780 million so‘mdan ortiq bo‘lgan tanlov savdosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda buyurtmachi tomonidan tanlov savdosida ishtirokchilar uchun raqobatni cheklaydigan shartlar kiritilganligi, tanlov hujjatlaridagi talablar bilan to‘liq baholanmaganligi va takliflarni noto‘g‘ri baholash kabi bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan “Navoiy viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohi” davlat muassasasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi hamda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Tender savdolari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan jami 15 ga yaqin mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Tovar-xomashyo birjasida yuqori likvidli va monopol mahsulotlar savdosi yuzasidan olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida 6 ta sub’ektga nisbatan raqobat qonunchiligi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari ko‘rildi.
Reklama sohasida ham tizimli monitoring ishlari amalga oshirildi. Hisobot davrida 1000 dan ortiq tashqi reklama ob’ekti o‘rganilib, 500 ga yaqin holatda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablarini buzgan 21 ta sub’ektga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, tegishli choralar qo‘llanildi.
Boshqarma tomonidan raqobat muhitini yanada yaxshilash, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri