Kam ta’minlangan oilaga uy sovg‘a qilindi
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, bemorlarni davolash va yordamga muhtoj insonlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va turar joyga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga to‘liq jihozlangan uylar qurib berish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida Qorao‘zak tumani Berdaq ovuli fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Juzimgul Habibovaning ijtimoiy ahvoli va yashash sharoiti joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganish jarayonida oilaning boquvchisi vafot etganligi, fuqaro ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotganligi aniqlandi. Shuningdek, yashab kelayotgan uyning holati ham atroflicha o‘rganilib, uning poydevorida jiddiy nosozliklar mavjudligi, konstruksiyasida cho‘kish holatlari kuzatilgani, devorlarida katta yoriqlar paydo bo‘lgani, eshik va deraza konstruksiyalari eskirib, foydalanishga yaroqsiz holatga kelgani ma’lum bo‘ldi.

Texnik xulosaga ko‘ra, mazkur uyni ta’mirlash iqtisodiy va konstruktiv jihatdan maqsadga muvofiq emasligi, shuningdek, uy ikki xonadonga tutash qurilgani sababli uni buzib, yangidan qurish imkoniyati mavjud emasligi, ushbu xonadonning yashash uchun yaroqsiz holatga kelganligi belgilandi. Oilaning og‘ir ijtimoiy ahvolini inobatga olgan holda, ularning uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida Kegeyli tumani “Juzimbag‘” fuqarolar yig‘ini hududidan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi ikki xonali uy-joy sotib olinib, fuqaro Juzimgul Habibovaga tantanali ravishda topshirildi.
– Bundan tashqari, joriy yilda Taxiatosh tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Mehribon Qoshimbetovaning eski uyi to‘liq buzilib, o‘rniga zamonaviy yangi 4 xonali uy qurib, foydalanishga topshirildi, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari o‘rinbosari Islambek Tajetdinov. – Ellikqal’a tumani "Paxtachi" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Sarviniso Xudayberdiyevaning yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan turar joyini ta’mirlash ishlari yakunlanib, xonadon o‘z egasiga topshirildi. Mazkur xayriya tadbirini amalga oshirish uchun "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan 80 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, filial tomonidan joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q va ehtiyojmand 622 ta oilaga 164 million 320 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti, 63 ta oilaga 12 million 820 ming so‘mlik qurbonlik go‘shti, 1 ming 855 ta oilaga 119 million 783 ming 440 so‘mlik bolalar kiyimi va o‘yinchoqlar, 6 ta oilaga davolanish va dori-darmon uchun 18 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri