Navoiy davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy ishlar yangi bosqichda
Bugun yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidor va qobiliyatini namoyon etishi uchun berilayotgan e’tibor mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Chunki bilimli, dunyoqarashi keng, ma’nan yetuk va tashabbuskor yoshlar — jamiyatning ertangi taraqqiyotini belgilaydigan kuchdir.
Oliy ta’lim muassasalarida bu vazifa faqat dars jarayoni bilan cheklanmaydi. Talabaning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, uni sport va san’atga jalb qilish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, huquqiy savodxonligini yuksaltirish ham ta’lim-tarbiyaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Navoiy davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyat shu tamoyillar asosida yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan o‘quv yili davomida talabalar ishtirokida turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, ijodiy kechalar, sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar va ma’rifiy loyihalar tashkil etildi. Bunday tadbirlar yoshlarning jamoatchilik hayotidagi faolligini oshirish barobarida ularning qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun ham imkoniyat yaratmoqda.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Kiberxavfsizlik, giyohvandlikning zarari, yo‘l harakati xavfsizligi, milliy qadriyatlar va yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishga bag‘ishlangan uchrashuvlar orqali talabalarning huquqiy va ma’naviy bilimini oshirishga harakat qilinmoqda.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda esa sport, san’at va intellektual klublarning o‘rni katta. Bugun universitetda 13 ta sport to‘garagi faoliyat yuritmoqda. “Sport bilan og‘usiz hayot sari”, “Salomatlik uchun 5 ming qadam”, “Men sog‘lom turmush tarafdoriman”, “Talabalar ligasi” va “Rektor kubogi” kabi loyiha hamda musobaqalar talabalarni faol hayot tarziga jalb etishga xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida bu harakatlar natijasini ham bermoqda. Bugungi kunda talabalar orasida sportga qiziqish ortib, 34 nafar yosh xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
San’at va ijod yo‘nalishida ham imkoniyatlar keng. Universitetda 20 ga yaqin to‘garak va klub faoliyat yuritib, “Qizlarjon”, “Lider qizlar”, “Zulfiyaxonim izdoshlari”, “Zakovat” kabi intellektual va ijodiy maydonlar yoshlarning qiziqishlarini rivojlantirmoqda. “Navoiy talabalar teatri” studiyasi, “Zarb” ansambli hamda “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari esa talabalarning ijodiy salohiyatini namoyon etishi uchun o‘ziga xos sahnaga aylangan.
Yoshlarning bilim va iqtidorini qo‘llab-quvvatlashda “Besh tashabbus olimpiadasi” ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2026-yilda ushbu tadbirlarda universitetning 9 mingdan ortiq talaba-yoshlari qamrab olindi. Eng muhimi, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish o‘z samarasini bermoqda. Universitetning 16 nafar talabasi Prezident va nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi.

Bu natijalar zamirida yoshlarga berilgan imkoniyat bilan birga ularning o‘z ustida ishlashi, bilimga intilishi va tashabbus ko‘rsatishi ham bor. Shuning uchun universitetda kitobxonlikni targ‘ib qilish, intellektual salohiyatni oshirish va ijodiy qobiliyatni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga e’tibor berilmoqda.
Yoshlar bilan ishlashda yana bir muhim jihat bor. Har bir talaba bir xil sharoitda bo‘lmasligi mumkin. Kimgadir ma’naviy ko‘mak, yana kimgadir moddiy yordam, boshqa bir yoshga esa psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘ladi. Shu bois universitetda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan individual ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Xususan, 2025-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga 1,1 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga qo‘shimcha stipendiyalar to‘lab berildi. Bu kabi amaliy ko‘mak yoshlarning ta’limni davom ettirishi va o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon etishi uchun muhim omildir.
Yangi 2026-2027 o‘quv yili esa universitet jamoasi oldiga yanada katta vazifalarni qo‘ymoqda. Endi asosiy maqsad tadbirlar sonini ko‘paytirish emas, balki ularning mazmuni va ta’sirchanligini oshirishdan iborat. Yoshlarning hayotiga daxl qiladigan, ularning fikrlashini kengaytiradigan, tashabbusini rag‘batlantiradigan loyihalarga ustuvorlik berish ko‘zda tutilmoqda.

Buning uchun kitobxonlik muhitini yanada kuchaytirish, ijodkor va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, intellektual, sport va ijodiy tanlovlar ko‘lamini kengaytirish, yangi to‘garak va klublarni tashkil etish rejalashtirilgan. Talabalar bilan ochiq muloqotlarni ko‘paytirish, ularning fikr va takliflarini eshitish, muammolarini o‘z vaqtida o‘rganish ham e’tibor markazida bo‘ladi.
Yoshlarimizning har bir yutug‘i nafaqat universitetning, balki ota-onalar, ustozlar va butun jamiyatning yutug‘idir. Bilimli, ma’naviyatli, vatanparvar va tashabbuskor avlodni tarbiyalash esa bugungi kunning emas, kelajak oldidagi eng muhim vazifamizdir.
Baxtiyor Bobonazarov,
Navoiy davlat universitetining ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi prorektori.
O‘zA