“Navoiy – 2030”: islohotlar samarasi va yangi taraqqiyot bosqichi
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi 34-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Navoiy – 2030” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, shuningdek, 2026-yilning 1-yarim yilligida viloyatdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish, uning omillarini bartaraf etish, viloyat hududida qonunchilikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda “Konimex tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish, aholi orasida unga qarshi kurashish va murosasiz muhitni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar” dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Sessiyada birinchi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining o‘rinbosari Tohirjon Safarov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, “Navoiy – 2030” strategiyasi “O‘zbekiston – 2030” umummilliy taraqqiyot strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. “Navoiy – 2030” strategiyasi nafaqat viloyat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilaydi, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning hududiy darajadagi amaliy ifodasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Navoiy viloyati yalpi hududiy mahsuloti 13,4 milliard dollarga, aholi jon boshiga esa 12 ming dollarga yetgan. Iqtisodiy o‘sish sur’ati esa 7-8 foiz darajasida saqlanmoqda.

Strategiyaga muvofiq, 2030-yilga qadar yalpi hududiy mahsulot 25,8 milliard dollarga yetkaziladi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2,5, xizmatlar sohasi 2,2, qurilish ishlari esa 1,6 baravar oshiriladi. Bu vazifalar metallurgiya, kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari, logistika, raqamli xizmatlar va turizm sohalarini rivojlantirish orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, inflyatsiyani 5 foiz darajasida ushlab turish maqsad qilib belgilangan.
Eksportni rivojlantirish ham strategiyaning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2030-yilga borib eksport hajmini 2,3 milliard dollarga, eksport geografiyasini 80 ta davlatga yetkazish, eksportyor korxonalar sonini 225 taga oshirish rejalashtirilgan. Eksport tarkibida xomashyo ulushini qisqartirib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar – mashinasozlik, kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va turizm xizmatlari hissasini oshirish nazarda tutilgan. Eksport mahsulotlari turini 400 taga yetkazish mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Ekologik barqarorlik masalasi ham strategiyaning ajralmas qismiga aylangan. Qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 1800 megavattga yetkazish, suv yo‘qotishlarini 35 foizdan 20 foizgacha qisqartirish, o‘rmonzorlar maydonini 65 ming gektarga kengaytirish, 70,5 million tup daraxt ekish, atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarni har yili qisqartirish hamda maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 40 foizga yetkazish belgilangan.
Strategiyaning yana bir muhim yangiligi har bir tuman uchun “hududiy pasport” ishlab chiqilishi va barcha loyihalarni raqamli platformalar orqali “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha monitoring qilish tizimi joriy etilishidir. Shuningdek, 2028-yilda oraliq, 2031-yilda esa yakuniy baholash o‘tkazilishi va natijalar jamoatchilikka e’lon qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Sessiyada viloyat prokurori Abduqahhor Mullajonovning 2026-yilning 1-yarim yilligida viloyatdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish, uning omillarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi. Unda davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-son qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilindi.
Hisobot davrida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha yangi manzilli tizim joriy etilishi natijasida 193 ta mahallada jinoyat sodir etilmagan. Avval “qizil” toifaga kiritilgan 39 ta mahallaning 19 tasida kriminogen vaziyat yaxshilangan, 23 ta mahallada esa umuman jinoyat qayd etilmagan. Bu huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik yondashuv o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.

Sessiyada viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev ham ishtirok etib, viloyat hududida qonunchilikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda yilning birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar, shuningdek, viloyat IIB va uning quyi tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Bundan tashqari ”Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi davomida fosh etilgan jinoyatlar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibotlarning tahliliy natijalari bo‘yicha hisobot berilib, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim ishlar rejasi bilan tanishtirildi.
Sessiyada Konimex tumani hokimi o‘rinbosari Medg‘at Tulegenov so‘zga chiqib, tumanni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish, aholi orasida unga qarshi kurashish va murosasiz muhitni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Sessiya davomida deputatlar so‘zga chiqib, ko‘rilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri