Natijalar yangi marralarga asos bo‘ladi
“Olmaliq KMK” AJda joriy yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Kombinat markaziy apparatida 2026-yilning yanvar-sentabr oylaridagi faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishida OKMK boshqaruv raisi Abdulla Hursanov, kombinat mas’ullari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida kombinat mehnat jamoasi tomonidan belgilangan ishlab chiqarish vazifalarining bajarilishi ta’minlandi. Jumladan, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida 48,97 trillion so‘mlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarilib, prognoz ko‘rsatkichi 130,4 foizga bajarildi. Kombinatning asosiy mahsuloti hisoblangan mis katodini ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz esa 100 foizga ado etildi.

Eksport yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishildi. To‘qqiz oy davomida 781 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, belgilangan prognoz 156,4 foizga bajarildi.
Investitsiya dasturi doirasidagi ishlar ham izchil davom ettirildi. 2026-yil uchun “Olmaliq KMK” AJ bo‘yicha 216,5 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lsa, hisobot davrida aynan shu miqdordagi investitsiyalar o‘zlashtirilib, prognoz 100 foizga bajarildi.
Mahalliylashtirish va yangi loyihalar doirasida ham ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilda 40 ta loyiha doirasida 1511 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Hisobot davrining to‘qqiz oyida 39 ta loyiha bo‘yicha 1054 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda ushbu ko‘rsatkich 1080,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Natijada prognoz 102,5 foizga bajarildi.

Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xarajatlarni maqbullashtirish borasidagi chora-tadbirlar ham o‘z samarasini bermoqda. 2026-yilga mo‘ljallangan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar majmuasida ishlab chiqarish xarajatlarini 1708,8 milliard so‘mga qisqartirish belgilangan. To‘qqiz oy yakuniga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda 1739,3 milliard so‘mlik natijaga erishilib, prognoz 101,8 foizga bajarildi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Unda erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar, ishlab chiqarish jarayonlaridagi masalalar va ularni bartaraf etish choralari atroflicha muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida yilning qolgan davrida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini barqaror ta’minlash, mehnat unumdorligini oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, har bir rahbar zimmasiga ishchi-xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat muhofazasi talablariga qat’iy rioya etish va ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar yuklatildi.
A.Musayev,O‘zA