Ikkiga bo‘lingan bir butun: Jinslar urushimi yoki insoniylik inqirozi?!
Bugun ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, g‘alati va qandaydir vahimali manzaraning guvohiga aylanamiz. Virtual olamdagi har bir bahs-munozara maydoni fikrlar to‘qnashuvi joyi emas, balki ikki jins o‘rtasidagi shafqatsiz “front chizig‘i”ga aylanib ulgurgan. Munozara ko‘lami shunchalik kengaydiki, u shunchaki huquqiy va ijtimoiy tushuncha bo‘lmish “gender tengligi” doirasidan ham allaqachon chiqib ketdi.
Bir tomonda erkak kishi qanday bo‘lishi lozimligidan to uning har bir qadami qanday bosilishi kerakligigacha saboq berayotgan “ayollar armiyasi” turgan bo‘lsa, qarama-qarshi tomonda “ayolning haddi va o‘rnini ko‘rsatib qo‘yish”ni o‘ziga muqaddas burch deb bilgan “erkaklar armiyasi” shay holatda kutib turibdi.
Afsuski, jinslar o‘rtasidagi bu ziddiyat har qachongidan ham kuchliroq, shafqatsizroq va nafratga boy ko‘rinish olmoqda. Xo‘sh, biz qachon bu darajaga yetib keldik? Nega bir xalq, bir jamiyat, bir havodan nafas olayotgan insonlar sifatida, eng asosiysi shunchaki insonligimizni unutib qo‘ygan holda bir-birimizga ashaddiy dushmandek nafrat ko‘zi bilan qarayapmiz?
Jinslar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar, turfa qutbli qarashlar va nizolar ota-bobolarimiz zamonida ham bo‘lgan. Tarixda ham jamiyatning turli davrlarida bu mavzu ko‘tarilgan. Lekin bugungi kundagi kabi ommaviy nafrat, umumlashtirish va shaxsiy alamni butun bir jinsga ag‘darish holatlari hali hech bir zamonda bunday ko‘lam olmagan edi. Bu yerda asosiy “o‘tga yog‘ sepuvchi” omil esa ijtimoiy tarmoqlar va uning algoritmlaridir.
Bugungi instagram foydalanuvchisi, bloger, mikrobloger yoki shunchaki tarmoq faoli o‘zining shaxsiy hayotidagi omadsizliklari, alamli voqealari va dramalarini ommaga olib chiqishi doimiy urfga kirdi. Albatta, inson dardini bo‘lishishi tabiiy. Lekin fojia shundaki, bu shaxsiy hikoyalar ko‘pincha ob’ektiv tahlil bilan emas, balki his-tuyg‘ularga berilgan holda, qarshi tarafni “iblislashtirish” orqali taqdim etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar algoritmiga bag‘rikenglik emas, g‘azab va nafrat kerak. Qanchalik keskin bayonot berilsa, qanchalik ko‘p adovat urug‘i sochilsa, shunchalik ko‘p izoh, ko‘rishlar va “layk”lar yig‘iladi. Kontent ijodkorlari tomoshabinni ushlab turish uchun eng ekstremal misollarga yuzlanishadi. Jamiyatning eng og‘riqli nuqtalari – yengiltabiat ayollar, gomoseksual erkaklar, radikal feministlar, ichuvchi va loqayd erlar, o‘z fikriga ega bo‘lmagan kuyovlar hamda farzandiga aliment to‘lashdan qochadigan erkaklar sahna markaziga olib chiqiladi.
Bitta salbiy tajriba yoki bitta muammoli shaxsiyat timsolida butun bir jins vakillariga “hukm” o‘qiladi. “Barcha erkaklar bir go‘r” yoki “Hozirgi ayollarda vafo qolmagan” degan kaltabin xulosalar ommaviy psixozga aylanadi. Eshitgan har bir shafqatsiz hikoyasidan keyin tinglovchi o‘z atrofidagilarga ham shubha bilan qaray boshlaydi. Oqibatda, ikki jins vakillari bir-biriga xuddi dushmanga tosh otgandek ta’na va adovat toshlarini otishga o‘tadi.
Agar har bir erkak ayolini bo‘lajak “radikal feminist” yoki “xiyonatkor” deb bilsa, har bir ayol esa turmush o‘rtog‘iga potensial “loqayd va zaif” deb qarasa, qurilgan nikohlar qanday qilib mustahkam bo‘lishi mumkin? Ushbu holatda qat’iy ishonch va hurmat o‘rnini doimiy nazorat, aybdorlik hissi va shubha egallaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar o‘ylab topgan “ideal erkak” yoki “mukammal ayol” modeliga tushmagan har bir inson o‘zini baxtsiz his eta boshlaydi. Erkakdan ulkan “moliyaviy imperiya” va doimiy romantika, ayoldan esa bir vaqtning o‘zida ham ideal uy bekasi, ham muvaffaqiyatli karera egasi va mute shaxsiyatli inson bo‘lish talab qilinadi. Bu sun’iy standartlar haqiqiy hayotning go‘zalligini yutib yubormoqda.
Aslida, mantiqan o‘ylab ko‘rsak, kimningdir muvaffaqiyatsiz hayot hikoyasini yoki shaxsiy fojiasini o‘ziniki deb tasavvur qilib yashash eng katta ma’naviy xato. Birovning aytgan achchiq tajribasi butun dunyoning qoidasi emas, shunchaki uning shaxsiy yo‘li. Dunyoda qancha inson bo‘lsa, shuncha fe’l-atvor, shuncha taqdir va shuncha dunyoqarash bor. Har bir inson mustaqil shaxsiyat, uning hayoti va munosabatlari alohida bir dunyo hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqdagi kimdir yaratib bergan soxta va radikal standartlar asosida o‘z oilamizni, muhabbatimizni va kelajagimizni barpo etmasak, hayot naqadar oson va go‘zal bo‘lishini anglab yeta olamiz.
Erkak va ayol – bir-biriga qarshi kurashuvchi ikki dushman armiya emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi, bir-biriga suyanadigan ikki ustun. Biri yiqilsa, butun bir imorat qulaydi. Tarmoqdagi har bir shov-shuvli, nafrat uyg‘otuvchi videoga hissiyot bilan emas, aql va oqilona qarashni o‘rganishimiz shart. Sarlavhasi g‘azab sochayotgan kontent egalari shunchaki sizning his-tuyg‘ularingiz evaziga pul va ko‘rishlar sonini ishlayotganini unutmaslik lozim!
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA