Bir oila taqdiridagi o‘zgarish – katta e’tibor samarasi
Ba’zan inson hayotini o‘zgartirish uchun katta imkoniyat yoki uzoq kutilgan yordam emas, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan e’tiborning o‘zi kifoya. Muhimi, muammoni shunchaki eshitish emas, uning ortidagi ehtiyojni anglash va yechim sari birga qadam tashlashdir.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Shirkent mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Gulzira To‘raqulova ham o‘z ishida ana shu tamoyilga amal qiladi. U xonadonma-xonadon yurib, oilalarning sharoitini o‘rganadi, ehtiyojlarini aniqlaydi va mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ularning muammolarini bosqichma-bosqich hal etishga ko‘maklashadi.
Zero, har bir oilaning o‘z dardi, ehtiyoji va imkoniyati bor. Shu bois ijtimoiy xodimdan nafaqat e’tibor, balki har bir holatga individual yondashuv ham talab etiladi.
Farhod Fayziyevlar oilasi misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Oilada er-xotinning har ikkisida ham nogironlik mavjud. Uch nafar farzandni tarbiyalayotgan oila asosan nogironlik nafaqasi hisobidan kun kechiradi.

Shunga qaramay, oiladagi mavjud imkoniyatlarni ishga solish, daromad manbaini yaratish uchun harakat boshlandi. Yaqinda ularga foizsiz kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ evaziga xonadonga qoramol xarid qilindi.
Endi bu chorva oilaning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash bilan birga, kelgusida qo‘shimcha daromad manbaiga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni berilgan ko‘mak bir martalik yordam bilan cheklanmay, oilaning o‘z imkoniyatiga tayanib daromad topishi uchun sharoit yaratmoqda.

Aslida, ijtimoiy himoyaning mazmun-mohiyati ham shunda – insonga faqat yordam berish emas, balki uning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, oilaga mustaqil qadam tashlashi uchun sharoit yaratish.
Gulzira To‘raqulovaning mehnati ham ana shu maqsadga qaratilgan. Uning faoliyati davomida bir oilaning muammosi yengillashsa, bir insonning ko‘nglida ertangi kunga ishonch paydo bo‘lsa, bu kasbning eng katta natijasidir.

Mahalla ijtimoiy xodimining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangani ham uning mehnatiga berilgan munosib bahodir. Bu e’tirof uning zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirib, odamlar og‘irini yengil qilish yo‘lidagi faoliyatiga yangi kuch bag‘ishlashi shubhasiz.
Chunki ba’zan bir oila hayotidagi kichik o‘zgarish – katta umidning boshlanishi bo‘ladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri