AES qurilishi: 10 mingdan ortiq ishchi va mutaxassis jalb etiladi
“O‘zatom” agentligida Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga Jamoatchilik kengashi raisi Baxtiyor Ergashev raislik qildi. Unda ilmiy hamjamiyat vakillari, soha ekspertlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Jizzax viloyati Forish tumanida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, mahalliylashtirish, kadrlar tayyorlash va ekologik nazorat masalalari muhokama qilindi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayevning ma’lum qilishicha, qurilish ishlari tasdiqlangan jadval asosida olib borilmoqda. Loyiha doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, mahalliylashtirish ulushi hozirning o‘zida kamida 30 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, Forish tumanida maxsus sanoat zonasi va zamonaviy atom shaharchasini barpo etish rejalashtirilgan.
Qurilishning eng qizg‘in bosqichida 10 mingdan ortiq ishchi va mutaxassis mehnat qilishi, ularning 65-70 foizini mahalliy kadrlar tashkil etishi kutilyapti. Kadrlar tayyorlash jarayoni ham hozirdan boshlangan bo‘lib, milliy mutaxassislar xorijiy atom stansiyalarida amaliyot o‘tamoqda.
Yig‘ilishda ekologik holat, havoning changlanishi, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda ish maydonidagi nazorat masalalari ham muhokama qilindi. Tegishli tashkilotlar tomonidan bu yo‘nalishlarda muntazam monitoring olib borilayotgani ta’kidlandi.

Jamoatchilik kengashi raisi Baxtiyor Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, atom energetikasi loyihasi bo‘yicha davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlash muhim. Uning qayd etishicha, kengashning asosiy vazifalaridan biri aholini qiziqtirayotgan masalalarni muhokama markaziga olib chiqish va loyiha haqida jamoatchilikka ochiq, tushunarli hamda o‘z vaqtida axborot yetkazishdan iborat.
Yig‘ilish yakunida AES qurilishi, atom shaharchasini barpo etish, kadrlar tayyorlash va loyiha jarayonlarini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish Jamoatchilik kengashining kelgusi faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA