Namanganda ommaviy diktant o‘tkazildi
Namangan davlat pedagogika institutida “Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” shiori ostida ommaviy diktant o‘tkazildi. Tadbir ona tilimizga hurmatni yanada yuksaltirish, davlat tilida ish yuritish madaniyatini takomillashtirish va yozma savodxonlikni mustahkamlashga qaratildi.
Viloyat va shahar hokimliklari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining viloyat bo‘linmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turli soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi I. Qo‘chqorova kirish so‘zi bilan ochib, davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni, yozma nutq madaniyatini yuksaltirish va savodxonlikka e’tiborni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Ommaviy diktantda hokimliklar vakillari, deputatlar, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, soliq organlari xodimlari hamda jurnalistlar o‘zlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida to‘g‘ri va savodli yozish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-32045]
Mazkur tashabbus ishtirokchilarning imlo qoidalariga oid bilimlarini mustahkamlash, yozma nutqda adabiy til me’yorlariga rioya etish va davlat tilida ish yuritish mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
— Jurnalistlarning ommaviy diktantda ishtirok etishi alohida ahamiyatga ega, - deydi “Taraqqiyot mezoni” gazetasi muharriri Isroil Yusupov. — Chunki biz so‘z orqali jamiyatga axborot yetkazamiz, jamoatchilik fikri shakllanishiga ta’sir ko‘rsatamiz. Shu bois jurnalist, avvalo, o‘zi savodli bo‘lishi, adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilishi zarur. Bunday tadbirlar kasbiy mas’uliyatimizni oshirish bilan birga, ona tilimizning sofligi va boyligini asrab-avaylashga undaydi.
Ta’kidlash joizki, bunday ma’rifiy tadbirlar davlat tilining nufuzini oshirish, jamiyatda savodxonlik madaniyatini yuksaltirish va ona tilimizga bo‘lgan hurmatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA