Namangan tumanida zamonaviy 24/7 ko‘cha barpo etilmoqda
Namangan tumanida yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay shart-sharoit yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida zamonaviy 24/7 ko‘cha tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha 4R-115 avtomobil yo‘lining Anjirzor, Bo‘ston, Bog‘ ko‘cha, Tepaqo‘rg‘on, Bozorboshi, Qirg‘izqo‘rg‘on va Oqbuloq mahallalari hududidan o‘tuvchi qismini qamrab oladi.
Uning doirasida 4,4 kilometr avtomobil yo‘lini asfaltlash, 7,4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etish, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda ochiq suv lotoklarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘l bo‘yidagi aholi xonadonlari, devorlar va tadbirkorlik ob’ektlari atrofini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Loyihaning yana bir muhim jihati – hududda 100 dan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ektini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu aholi bandligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
[gallery-32048]
Mazkur bunyodkorlik ishlari natijasida yo‘l va piyodalar harakati uchun qulay sharoitlar yaratilib, hududning infratuzilmasi yanada yaxshilanadi. Eng muhimi, aholi va tadbirkorlar uchun zamonaviy, obod hamda iqtisodiy jihatdan faol muhit shakllanadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA