OIV infeksiyasiga o‘zini-o‘zi tekshirish imkoniyati borligini bilasizmi?
Kontent markazida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda OIVga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2023-yil 20-yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qarori bilan aholining turli qatlamlari o‘rtasida kasallikni erta bosqichlarda aniqlashga qaratilgan maqsadli va moslashtirilgan o‘z-o‘zini testdan o‘tkazish tadbirlarini keng joriy etish belgilangan.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika hududida joylashgan aholi gavjum jamoat joylari, aeroportlar va temir yo‘l vokzallariga taksomatlar o‘rnatish orqali aholi, xususan migrantlar uchun OIVga anonim tarzda yuqori ishonchli skrining tekshiruv ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
– Ayni vaqtda taksomatlar Respublika OITSga qarshi kurashish markazi binosi, Toshkent shahridagi I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aeroportlariga hamda Jizzax viloyatidagi Zomin sanatoriysiga o‘rnatildi, – dedi M.Saidova. – Shu kunga qadar 300 dan ortiq fuqaro ushbu taksomatlar orqali so‘lak testlari yordamida o‘z-o‘zini OIV infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazdi. Ushbu tekshiruv fuqarolar uchun bepul, qulay, maxfiy, ishonchli, tezkor, tibbiy xodim ishtirokisiz va hech qanday invaziv aralashuvlarsiz xavfsiz tarzda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, testni o‘tkazish uchun maxsus laboratoriya uskunalari talab etilmaydi. Ushbu usul, ayniqsa, igna va qondan cho‘chiydigan, qon topshirishda qiyinchilikka duch keladigan fuqarolar uchun juda qulay imkoniyat yaratadi. Testning yana bir muhim afzalligi — vaqt tejalishi. So‘lak namunasi asosida test natijasi taxminan 20 daqiqadan 40 daqiqagacha olinadi.
Maftuna Saidovaning tushuntirishicha, fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatini skaner qilgan holda taksomatdan OIVga o‘z-o‘zi tekshirish uchun so‘lak testini oladi va tekshiruvni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Bunda fuqaroning maxfiyligiga alohida e’tibor qaratiladi. Testdan o‘tgan shaxsning pasporti orqali identifikatsiya ma’lumotlari elektron tizimga integratsiya qilingan bo‘lib, ushbu ma’lumotlardan faqat belgilangan tartibda fuqaro bilan qayta aloqa o‘rnatish, test natijasi bo‘yicha zarur tibbiy maslahat berish va keyingi tibbiy xizmatlarga yo‘naltirish maqsadida foydalaniladi.
Taksomatdan foydalanish orqali so‘lak testi yordamida test natijasi musbat bo‘lsa, bu yakuniy tashxis emas, fuqaroga natijani tasdiqlash uchun laboratoriya tekshiruvidan o‘tish zarurligi tushuntiriladi va keyingi tibbiy yordamga yo‘naltiriladi. Ya’ni, fuqaro hududiy OITS markaziga murojaat qilib, qo‘shimcha laborator tekshiruvdan o‘tadi, tashxis tasdiqlansa, ushbu fuqaro darhol xududiy OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan bepul tibbiy nazoratga olinadi hamda antiretrovirus davolash xizmati ko‘rsatiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA