O‘zbekiston BRMga erishish borasida qanday natijalarga erishmoqda?
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network - SDSN) delegatsiyasi ishtirokida barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish borasidagi milliy va hududiy taraqqiyotni baholash hamda monitoring qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar, taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar hamda barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Unda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Fransiya taraqqiyot agentligining (AFD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Olive Granduane va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatda BRMga erishish borasidagi natijalar, ustuvor vazifalar va xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish natijalarini baholash, monitoring mexanizmlarini takomillashtirish, hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish va xalqaro tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda seminarda SDSN ekspertlari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi (SDG Index) metodologiyasi, ko‘rsatkichlarni tanlash va baholash, ma’lumotlarni me’yorlashtirish hamda umumlashtirish, shuningdek, taraqqiyot tendensiyalarini monitoring qilish usullari taqdim etildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish kun tartibi milliy ustuvorliklar va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan chambarchas bog‘liq. Barqaror rivojlanish iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy taraqqiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali davlat boshqaruvini uyg‘unlashtirgan kompleks yondashuvni talab etadi.

– Iqtisodiyot va moliya vazirligi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarni milliy siyosat va strategiyalarga integratsiya qilishda muhim o‘rin tutadi. Bunda nafaqat erishilgan natijalarni baholash, balki monitoring ma’lumotlari asosida mavjud muammolarni aniqlash va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish ham muhim ahamiyatga ega. Buning uchun ishonchli ma’lumotlar, samarali ko‘rsatkichlar, shaffof hisobot tizimi hamda davlat idoralari, statistika organlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik zarur.
SDSN tomonidan taqdim etilayotgan O‘zbekistonning barqaror rivojlanish hisoboti loyihasi mamlakatda erishilgan natijalarni baholash, qo‘shimcha e’tibor talab etadigan sohalarni aniqlash va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Hisobot xulosalari, metodologiyasi va tavsiyalarini ochiq muhokama qilish davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni mustahkamlash, barqaror rivojlanish sohasidagi muammo va imkoniyatlarni chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi, – dedi U. Obidxo‘jayev.
Shuningdek, seminarda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi natijalarini tahlil qilish, milliy va hududiy darajadagi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash hamda mavjud ma’lumotlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. BRM ko‘rsatkichlarini monitoring qilishda geografik axborot tizimlari va masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, yer degradatsiyasini baholash bo‘yicha xalqaro yondashuvlar yuzasidan ham fikr almashildi. Bundan tashqari, hisobotlarni tayyorlash, BRM ijrosini baholashning milliy tizimini xalqaro yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish va hududlar kesimidagi ma’lumotlar sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Fransiya taraqqiyot agentligining (AFD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Olive Granduanening ta’kidlashicha, O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida sezilarli natijalarga erishgan.
– Barqaror rivojlanishni xolis baholash, hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik tafovutlarni aniqlash hamda ularga mos yechimlarni ishlab chiqish muhim. SDSN tomonidan barcha 14 ta hududni, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrini qamrab olgan holda o‘tkazilayotgan baholash mamlakatdagi taraqqiyotni chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi. Rasmiy statistikani sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va geofazoviy ma’lumotlar bilan birlashtirish hududiy darajadagi natijalarni aniqroq o‘lchashga xizmat qiladi. Shuningdek, yashil va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, energetika tizimini modernizatsiya qilish, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda Orolbo‘yi hududidagi jamoalar barqarorligini oshirish muhim ahamiyatga ega, – dedi Olive Granduane.
Tadbir yakunida ishtirokchilar BRM monitoringi jarayonida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini kengaytirish hamda ilg‘or xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA