Namanganda ko‘pchilikka shov-shuv bo‘lgan "operatsiya" muvaffaqiyatli chiqdi
Shifokorlar bemorning oshqozonidan trixobezoar, ya’ni jun, kigiz tolalari, rezina va boshqa yot jismlardan hosil bo‘lgan yirik massani olib tashladi.
Namanganda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida endigina to‘qqiz yoshga to‘lgan bolada uchragan kamyob patologik holat bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shifokorlar bemorning oshqozonidan trixobezoar, ya’ni jun, kigiz tolalari, rezina va boshqa yot jismlardan hosil bo‘lgan yirik massani olib tashladi.
Mingbuloq tumanidan keltirilgan bemor uzoq vaqt davomida qorin og‘rig‘i, holsizlik va ovqat yeyishda qiynalishdan aziyat chekkan. Endoskopik tekshiruv natijasida oshqozonda katta hajmdagi yot jism aniqlangach, zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga qaror qilingan.
Amaliyotga markazning bolalar xirurgiyasi bo‘limi mudiri, oliy toifali vrach-xirurg Abdumajid Shukurov rahbarlik qildi. Jarrohlar oshqozon devoriga zich yopishib qolgan trixobezoarni ehtiyotkorlik bilan ajratib, to‘liq olib tashlashga muyassar bo‘ldi.

Shifokorlar fikricha, bunday holatlar ayrim bolalarda kamqonlik yoki yot jismlarni iste’mol qilish odati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tekshiruvlar davomida ushbu bemor ham uzoq vaqt ota-onasidan yashirincha kigiz, jun va boshqa buyumlarni iste’mol qilib kelgani aniqlangan. Hozirda bolaning ahvoli barqaror. U shifokorlar nazorati ostida davolanishni davom ettirmoqda.
Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari Hoshimjon Saidqulovning qayd etishicha, jarrohlarning amaliyot xonalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. To‘g‘ri va tugal tashxis qo‘yish uchun endoskopiya apparatidan ham oqilona foydalanilmoqda. Shu bois markaz shart-sharoitlari poytaxtdagidan aslo qolishmaydi. Bu, ayniqsa, kichik bemorlar uchun yuksak g‘amxo‘rlik namunasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA