Talabalar uchun zamonaviy yotoqxonalar soni oshadimi?
Oliy ta’lim tizimida talabalarni zamonaviy va qulay turar joylar bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Talabalar sonining ortishi mavjud yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirmoqda. Shu bois davlat bu sohaga xususiy sektorni keng jalb etish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va yangi yotoqxonalar qurilishini jadallashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlarni joriy etmoqda.
Hukumatning 2026-yil 30-iyundagi tegishli qarori bilan talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi. Yangi tartib xususiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, talabalar uchun yotoqxonalar sonini ko‘paytirish va ularning sifatini yaxshilashni maqsad qiladi.
Yangi tartibga muvofiq, DXSH loyihalari kamida 200 o‘rinli talabalar turar joylari uchun amalga oshiriladi. Bu esa kichik hajmli loyihalar o‘rniga ko‘proq talabani qamrab oladigan yirik va samarali infratuzilmalarni barpo etishga xizmat qiladi.
Qarorga ko‘ra, davlat har bir yotoq o‘rni uchun qurilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratadi. Shuningdek, Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalarning yotoqxonani saqlash va undan foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu esa ham tadbirkorlar, ham talabalar uchun muhim moliyaviy yengillik yaratadi.
Yana bir muhim yangilik — yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar qolgan taqdirda ularga boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalarini ham joylashtirish imkoniyati beriladi. Bu mavjud quvvatlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Qaror tadbirkorlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlarni nazarda tutadi. Xususan, yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonida belgilangan yotoq o‘rinlaridan tashqari bo‘sh hududlarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bu investorlarning loyihalarga qiziqishini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, davlat subsidiyalari maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblanadi. Bu mablag‘larning manzilli va shaffof taqsimlanishini ta’minlashga qaratilgan.
Qaror bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilindi. Ilgari boshlangan loyihalar esa amaldagi shartnomalar muddati tugagunga qadar davom ettiriladi.
Umuman olganda, mazkur qaror talabalar turar joylari infratuzilmasini rivojlantirish, davlat va xususiy sektor hamkorligini mustahkamlash hamda talabalar uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Yangi mexanizm orqali quriladigan zamonaviy yotoqxonalar talabalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va oliy ta’lim tizimi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA