Sessiya muhokamasiga puxta tayyorgarlik
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat prokuraturasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan axborot eshitiladi. Sessiya muhokamalari amaliy natijalarga asoslanishi maqsadida deputatlar, doimiy komissiya a’zolari hamda ekspertlar ishtirokida prokuratura organlarining olti oylik faoliyati hududlar va sohalar kesimida chuqur tahlil qilindi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga viloyat prokuraturasining 2026-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan faoliyati to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib chiqish masalasi kiritilgan.
Shu munosabat bilan viloyat Kengashining tegishli doimiy komissiyasi, shuningdek, Kengash huzuridagi Ekspert va Yoshlar maslahat guruhi a’zolari tomonidan sessiya oldidan prokuratura organlari faoliyatining samaradorligi har tomonlama o‘rganildi. Bu jarayonda faoliyat natijalari hududlar va sohalar kesimida tahlil qilinib, amaliy holatga xolis baho berishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish holatlari yuzasidan olib borilgan faoliyat atroflicha tahlil etildi.
Ayni paytda, viloyat Kengashining tegishli doimiy komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan ham alohida o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Unda qonun talablarining amaldagi ijrosi, bu boradagi ishlarning samaradorligi hamda mavjud holat yuzasidan tegishli xulosalar shakllantirildi.

Mazkur o‘rganishlar yakunlari, bildirilgan taklif va mulohazalar Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri