Investitsiya siyosati: Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot modeli
Jahon iqtisodiyotida investitsiya iqtisodiy o‘sish, innovatsiyalar va barqaror taraqqiyotning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Xorijiy sarmoya nafaqat yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi, balki zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or boshqaruv tajribasi va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga ham xizmat qiladi. Shu bois bugun mamlakatlar o‘rtasida investorlar uchun ishonchli va jozibador muhit yaratish borasida raqobat tobora kuchayib bormoqda.
O‘zbekiston ham keyingi yillarda ochiq va pragmatik iqtisodiy siyosatni izchil amalga oshirib, xalqaro kapital uchun ishonchli hamkor sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Bu borada mamlakatimiz tajribasi bejizga yuqori baholanayotgani yo‘q. Zero, Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan yurtimiz azaldan savdo-sotiq, sarmoya, texnologiya va madaniy almashinuv markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosati ana shu tarixiy an’analarning zamonaviy davomidir.
Prezidentimiz ishtirokida o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakat iqtisodiyotida boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro sarmoya siyosatidagi ustuvor maqsadlarini yana bir bor namoyon etdi. Forumda bildirilgan tashabbuslar iqtisodiyotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, xususiy sektor faolligini oshirish va mamlakatning global iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Buni raqamlar ham yaqqol tasdiqlaydi. Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb etildi. E’tiborlisi, ushbu mablag‘ning 123 milliard dollari so‘nggi besh yil hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa iqtisodiy islohotlar samaradorligi, investitsiya muhitining yaxshilanishi va xalqaro investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
To‘rt yil avval yalpi ichki mahsulot hajmini 2026-yilga qadar 100 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan edi. Bugungi kunda esa mamlakat iqtisodiyoti hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bu iqtisodiy o‘sish sur’atlari izchil davom etayotgani va amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Forumda ilgari surilgan tashabbuslarni shartli ravishda uchta ustuvor yo‘nalishga ajratish mumkin.
Birinchisi, investorlar uchun huquqiy va institutsional kafolatlarni yanada kuchaytirishdir. Investor uchun eng muhim omillardan biri huquqiy barqarorlik va ishonchli sud tizimi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi mamlakat investitsiya muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Markazda Angliya huquqi tamoyillarining joriy etilishi, mustaqil tijorat sudining tashkil qilinishi hamda investorlar uchun yaratilgan soliq va bojxona imtiyozlari O‘zbekistonning mintaqadagi raqobatbardoshligini yanada oshiradi. Mamlakatimiz tomonidan Singapur konvensiyasiga qo‘shilish bo‘yicha bildirilgan tashabbus ham xalqaro mediatsiya tizimini rivojlantirish va investorlar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish mamlakatning xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyasini chuqurlashtirishdan iborat. Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar aksiyalarining London fond birjasi orqali xorijiy investorlarga taklif etilishi kapital bozorida mutlaqo yangi bosqichni boshlab bermoqda. Shu bilan birga, suveren islom obligatsiyalari – Sukuk dasturining yo‘lga qo‘yilishi Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlardagi islom moliyasi resurslarini iqtisodiyotimizga jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Mutaxassislar baholashicha, bu orqali mamlakat iqtisodiyotiga kamida 10 milliard dollar qo‘shimcha kapital jalb qilish imkoniyati mavjud.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish kelajak iqtisodiyotini shakllantirish bilan bog‘liq. Bugun dunyoda raqobatbardoshlik tabiiy resurslar emas, balki bilim, innovatsiya va yuqori texnologiyalar bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt sohasi uchun maxsus hudud tashkil etilishi, unga uzoq muddatli soliq imtiyozlari va qulay energetika shartlarining yaratilishi mamlakatimizda yuqori texnologiyalar ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Yaqin besh yilda sun’iy intellekt orqali 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilishi prognoz qilinayotgani mazkur sohaning iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanishini anglatadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumining yana bir muhim jihati uning amaliy natijalarga yo‘naltirilganidadir. Forum doirasida davlat idoralari, hududlar rahbarlari va xorijiy investorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi. Bu esa byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirish hamda investor bilan mahalliy ijrochilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Forumda 100 ga yaqin mamlakatdan 4 mingga yaqin mehmon, jumladan, davlat rahbarlari, yirik kompaniyalar va nufuzli xalqaro moliya institutlari vakillarining ishtirok etgani O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosati iqtisodiyotga kapital jalb qilish bilangina cheklanmaydi. U mamlakatning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o‘rnini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi esa ushbu strategiyaning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistonning ochiq, ishonchli va istiqbolli investitsiya makoni ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Nizomiddin Qo‘ldashev
FarDU tilshunoslik kafedrasi mudiri.
O‘zA