Namanganda 20 mingdan ziyod pedagog attestatsiyadan o‘tadi
Namangan viloyatida pedagog kadrlarning malaka toifasini olish va oshirish bo‘yicha attestatsiya sinovlari boshlandi. Joriy yilgi jarayonlarda 20 ming 205 nafar o‘qituvchining ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Namangan shahridagi 15-umumta’lim maktabida tashkil etilgan dastlabki sinovlarda ona tili va adabiyoti fani bo‘yicha 860 nafar pedagog o‘z bilim va kasbiy mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.
Attestatsiya jarayonlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan, zarur sharoitlar yaratilgan xonalarda onlayn tarzda o‘tkazilyapti. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida sinov jarayonlari kuzatuv kameralari orqali qayd etib borilmoqda.
Belgilangan tartibga ko‘ra, pedagoglarga mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha 40 ta test savoli, pedagogik mahoratini baholashga qaratilgan 10 ta topshiriq beriladi.
[gallery-32215]
Attestatsiyada ishtirok etuvchilarning 910 nafari navbatdagi majburiy, 19 ming 205 nafari esa navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA