Namangan: Turkiyalik mutaxassislar bolalarni bepul ko‘rikdan o‘tkazmoqda(+video)
Namanganda turkiyalik mutaxassislar ehtiyojmand oila farzandlarini bepul ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Bu xayrli tashabbus yuzlab bolalar salomatligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, ularning kelajagiga umid bag‘ishlovchi muhim qadam.
Mazkur xayriya tadbiri Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida, «Sog‘lom kelajak» aksiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Namangan viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida turkiyalik shifokorlar bolalarni ko‘rikdan o‘tkazib, ularning salomatligi bilan bog‘liq muammolarni chuqur o‘rganmoqda. Asosiy e’tibor umumiy xirurgiya va murakkab plastik xirurgiya yo‘nalishlariga qaratilgan.
Tekshiruvlar davomida har bir bemor bolaning holati alohida baholanib, unga zarur davolash choralari, reabilitatsiya va jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji belgilanmoqda.
Ko‘riklar natijasiga ko‘ra, operatsiyaga muhtoj bolalar saralab olinib, keyingi bosqichda ular uchun turkiyalik va mahalliy shifokorlar ishtirokida murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
E’tiborli jihati, tibbiy ko‘rik, diagnostika va keyingi davolash jarayonlari bemor bolalar va ularning ota-onalari uchun mutlaqo bepul amalga oshirilmoqda. Bu esa ehtiyojmand oilalar farzandlariga yuqori malakali tibbiy yordamni o‘z yurtida olish imkonini yaratmoqda.
Shu bilan birga, turkiyalik mutaxassislarning mahalliy shifokorlar bilan birgalikda ishlashi murakkab operatsiyalarni amalga oshirish bilan bir qatorda, mahalliy mutaxassislar uchun tajriba almashish va zamonaviy tibbiy usullarni amaliyotda o‘rganish imkonini ham beradi.
Bolalar salomatligi — eng ustuvor vazifa. Bu kabi hamkorlik va xayrli tashabbuslar esa ko‘plab oilalarga umid va imkoniyat bag‘ishlamoqda.
Tohir Tursunov, O‘zA