O‘zbekiston – “CPHI Milan-2026” ko‘rgazmasida
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi farmatsevtika sohasidagi eng yirik xalqaro ko‘rgazmalardan biri – "CPHI Milan 2026" da ishtirok etmoqda.
Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, ko‘rgazmaning birinchi kunida "Merck", "Lupin Healthcare", "Syngene" kabi yirik xalqaro kompaniyalar hamda ko‘plab soha vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Muloqotlarda investitsiya, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining salohiyati va yangi hamkorlik imkoniyatlari taqdim etildi.
Italiyaning Milan shahrida o‘tkazilayotgan "CPHI Milan-2026" doirasidagi uchrashuvlar O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining xalqaro aloqalarini kengaytirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish va jahon bozoridagi ishtirokini kuchaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lmoqda.

Darvoqe, “Made in Uzbekistan” milliy stendida 15 ga yaqin mahalliy farmatsevtika kompaniyasi o‘z mahsulot va imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA