Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish — ustuvor vazifa
Guliston shahrida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan Tibbiyot texnikumida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ma’qullangan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Unda Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Safarboy Tog‘ayev, Guliston shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Zohidjon Kazakov hamda tibbiyot texnikumi jamoasi ishtirok etdi.

Tadbir davomida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, ota-ona va pedagoglarning mas’uliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, bolalarni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ota-ona, pedagoglar, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilikning hamkorligini talab etadi. Shu bois bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va bunday holatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish muhim vazifalardan biridir.

Shuningdek, tadbir doirasida «O‘qituvchilar huquqlari kafolatlarini ta’minlash» huquqiy aksiyasi doirasida ham tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Ishtirokchilarga pedagoglarning mehnat huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari va amaldagi huquqiy normalar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan tegishli tushuntirish va tavsiyalar olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri