Surxondaryoda “Jasorat maktablari” o‘quvchilarining “Va’da berish” marosimi bo‘lib o‘tdi
Yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik, mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol insonlar etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 15-noyabrda qabul qilingan “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida ”gi qaroriga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida 15 ta “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularda intizom, mas’uliyat va jamoaviylik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan turli ma’naviy-ma’rifiy va amaliy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan viloyatning qator hududlarida “Jasorat maktablari” o‘quvchilarining tantanali “Va’da berish” marosimlari tashkil etildi.
[gallery-31787]
Termiz shahrida o‘tkazilgan asosiy tadbirda Angor, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Qiziriq, Termiz tumanlari hamda Termiz shahridagi “Jasorat maktablari” o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar yoshlarni ushbu muhim marosim bilan tabriklab, mamlakatimizda yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga, ularning bilim va salohiyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil iyul oyida Surxondaryo viloyatidagi “Jasorat maktablari”ga 5-sinf o‘quvchilari ikki bosqichli — test sinovlari va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha saralash asosida qabul qilindi. Tanlov natijalariga ko‘ra, jami 390 nafar o‘quvchi mazkur maktablarda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA