Murojaatnoma ta’limni yangi bosqichdagi taraqqiyotga undadi
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi Surxondaryo viloyatida chuqur o‘rganilib, uning mazmun-mohiyati joylarda keng targ‘ib qilinmoqda.
Angor tumanidagi ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tayotgan targ‘ibot tadbirlarida mahalliy Kengash deputatlari Murojaatnomada belgilab berilgan muhim vazifalar haqida atroflicha so‘z yuritmoqda. Jumladan, 6-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Mustafo Sadatov Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar – ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish, pedagog va tarbiyachilarning jamiyatdagi o‘rni hamda mas’uliyatini kuchaytirish masalalarining mazmun-mohiyatini tushuntirdi. O‘quvchilarni 9-sinfdan fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olish tizimi joriy qilinishining ahamiyati, o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor xususida fikr almashdi.

Xuddi shunday tadbirlar tumandagi 8-, 23- va 25- umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda 23-maktabgacha ta’lim muassasasida ham yuksak saviyada o‘tkazildi. Uchrashuvlarda mahalliy Kengash deputatlari o‘qituvchilar va tarbiyachilarning savollariga javob berdi.


Joriy yilgi taraqqiyotimiz, tinch, to‘kin hayotimizning muhim yo‘nalishlari ifoda etilgan Murojaatnomaga bag‘ishlangan uchrashuvlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri