Murojaatlar asosan joyida hal etilmoqda
O‘zLiDePning "Xalq bilan birga" umummilliy dasturi doirasida Mirzaobod tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan 44 ta murojaat qabul qilinib, ularning 26 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilib, ularni hal etish muddatlari va mas’ullar belgilab qo‘yildi.
Sayyor qabulda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, xalq deputatlari Mirzaobod tuman Kengashi deputati Mustafoqul To‘rayev, partiya faollari, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qabul davomida fuqarolar asosan elektr energiyasi ta’minoti, ichimlik suvi, maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, ijtimoiy yordam va kommunal xizmatlar sifati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalarni hal etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Muloqot chog‘ida aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bitiruvchi yosh mutaxassislarni hududga jalb qilish, ularni doimiy ish bilan ta’minlash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi. Bu borada bildirilgan takliflar yuzasidan mas’ul idoralarga tegishli vazifalar yuklatildi.

— “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholi bilan ochiq va bevosita muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish hamda imkoni boricha tezkor hal etishda o‘z samarasini bermoqda. Bu esa davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqot yanada mustahkamlanib, odamlarning roziligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shu bois mazkur amaliyot nafaqat Mirzaobod tumanida, balki viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham izchil davom ettirilmoqda, — deydi O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri