Har bir uchrashuv yoshlar uchun manfaatli kechmoqda
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Mazkur tizimli islohotlar zamirida aynan yoshlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladigan yetuk va raqobatbardosh kadrlar etib tarbiyalash maqsad qilingan.
Shu munosabat bilan Poytaxtimizda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bir yillik muddatli harbiy xizmatni sharaf bilan o‘tab qaytgan yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida yurt himoyasi har bir fuqaroning sharafli burchi ekani, harbiy xizmat esa yoshlarning vatanga sadoqati, mas’uliyati va hayotiy tajribasini oshirishda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Muloqot jarayonida yoshlarning kelgusidagi rejalari, bandligini ta’minlash, kasb-hunar egallashi hamda oliy ta’lim olish istaklari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, ularga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yoshlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, harbiy xizmat davomida orttirgan tajribalari, egallagan bilim va ko‘nikmalari kelgusidagi hayotida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning tashabbus va takliflari tinglanib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash hamda jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Yangihayot tumanida ham tuman hokimi, tuman IIO FMB boshlig‘i, mas’ul rahbarlar hamda mahallalarda istiqomat qiluvchi harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, unda yoshlarning kelgusi rejalari, ularni qiziqtirgan savollar, fikr-mulohazalari hamda taklif va tashabbuslari tinglandi.
Tadbir davomida yoshlarga ta’lim olish imkoniyatlari, bandligini ta’minlash, amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bo‘yicha zarur yo‘l-yo‘riqlar berildi.

Sergeli tumani hokimi Davron Ismatov hamda DXX tuman rahbarlari tomonidan ham yoshlar tomonidan ko‘tarilgan muammolar va takliflar atroflicha o‘rganildi.
Muloqot davomida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy salohiyatini yanada oshirish, Qo‘riqlash xizmati, Ichki ishlar akademiyasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hujjat topshirishlari uchun amaliy ko‘mak berish, shuningdek, ularning doimiy bandligini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi.
Uchrashuvda 30 nafar yoshlar ishtirok etdi. 12 nafarga mos ish o‘rinlari taklif etildi va ro‘yxat shakllantirildi, shuningdek, 1 nafar yosh shu joyning o‘zida Qo‘riqlash xizmatiga ishga qabul qilindi.

Uchrashuvlar davomida yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, xorijiy tillarni puxta egallash, ilm-fan, innovatsiya, axborot texnologiyalari va tadbirkorlik sohalaridagi imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda biznes loyihalarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, bu kabi uchrashuvlar orqali yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatdagi faolligini oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA