Go‘ngo‘r Yavuzaslan: Turk dunyosi XXI asrning yangi geosiyosiy bosqichiga qadam qo‘ymoqda
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va geosiyosiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat diqqat markazida turibdi. Ayniqsa, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan ko‘p qirrali tashqi siyosat, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni yuqori bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mintaqa taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlamoqda. O‘zA muxbiri ushbu jarayon, xususan turk dunyosining geosiyosiy istiqboli, mamlakatimizning mintaqadagi o‘rni va turkiy davlatlar hamkorligi kelajagi haqida turkiyalik tadqiqotchi yozuvchi va strategik tahlilchi Go‘ngo‘r Yavuzaslan bilan suhbatlashdi.
– Suhbatimizni jurnalistikaga nisbatan yondashuvingiz, faoliyatingiz va Markaziy Osiyoga qiziqishingiz sababidan boshlasak.
– Jurnalistlik faoliyatimni 2001-yil mahalliy matbuotda muxbir sifatida boshlaganman. Bugun esa milliy va xalqaro telekanallar hamda raqamli axborot platformalarida faoliyat yuritib kelyapman.
Menimcha, jurnalistning vazifasi hodisani yoritishdan tashqari balki voqea ortidagi siyosiy, tarixiy va geosiyosiy omillarni tahlil qilishdir. Asosiy tadqiqot yo‘nalishlari Turkiya tashqi siyosati, terrorizmga qarshi kurash, Yaqin Sharq hamda Turk dunyosi geosiyosati bilan bog‘liq. Markaziy Osiyoga qiziqishim shunchaki emas. Bugun jahonning siyosiy va iqtisodiy markazi Atlantikadan Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga siljib borayotgan, global ta’minot zanjiri qayta shakllanayotgan bir sharoitda turkiy xalqlar geosiyosiy kelajagini aynan shu hudud bilan bog‘layman. Bu men uchun milliy mas’uliyat va strategik qarash masalasidir.

– Sizningcha, O‘zbekiston keyingi yillarda amalga oshirayotgan ko‘p qirrali tashqi siyosat va yaxshi qo‘shnichilik strategiyasi Markaziy Osiyoda o‘ziga xos hamkorlik muhitini shakllantirishga qay darajada hissa qo‘shadi?
– Keyingi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng faol va tashabbuskor davlatlardan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat o‘z taraqqiyotining ochiqlik, o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlikka asoslangan yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu nafaqat diplomatik qaror, balki uzoq muddatli milliy manfaatga asoslangan strategik siyosatdir.
Tarixiy merosi, aholisi va geografik joylashuvi bilan respublika bugun Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya va Yevropa o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Olib borilayotgan tashqi siyosat mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda Markaziy Osiyoning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
– Turk dunyosi geosiyosiy markazida qanday o‘zgarishlar sezilyapti? An’anaviy Turkiya – Ozarbayjon yo‘nalishidan Samarqand – Toshkent tomon strategik siljish haqida gapirish mumkinmi?
– Men bu jarayonni “o‘q almashishi” emas, balki tarixiy kengayish, o‘zaro to‘ldirish sifatida baholagan bo‘lardim. Bugungi geosiyosiy raqobat sharoitida ayrim tashqi kuchlar ushbu integratsiya jarayonini faqat Zangezur yo‘lagi bilan cheklashga harakat qilmoqda. Aslida, Zangezur yirik strategik loyihaning bir qismi, xolos. Asosiy maqsad – Turkiy davlatlarni o‘zaro bog‘laydigan keng qamrovli transport, savdo va iqtisodiy makonni shakllantirish. Shu nuqtai nazardan nafaqat tarixiy, balki iqtisodiy va geosiyosiy ahamiyatga ham ega Turon yo‘lagi g‘oyasi Yevrosiyodagi transport-logistika tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi mumkin.
– O‘zbekistonning TDTdagi o‘rnini qanday baholaysiz?
– O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining muhim ishtirokchilaridan biridir. Bugun ushbu tuzilma umumiy til va madaniyat bilan cheklanib qolmay, iqtisodiyot, transport, energetika, raqamli texnologiya va logistika sohalarida ham amaliy hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda. O‘zbekistonning faol ishtiroki esa geografik va iqtisodiy yaxlitlikni mustahkamlab, transport yo‘lagi, energetika tarmog‘i va raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
– Ayni jarayonda turkiy davlatlar yagona media va axborot platformasini yaratish qanday samara beradi, deb o‘ylaysiz?
– Bu masala turk dunyosi axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan juda muhim. Texnik jihatdan mamlakatlardagi media infratuzilmasi, raqamli texnologiya hamda til va alifbo masalalari hali to‘liq uyg‘unlashmagan. Huquqiy jihatdan har bir davlat o‘z milliy media tizimini muayyan qonunchilik asosida boshqaradi. Shuningdek, tashqi axborot xuruji ham jiddiy xavf tug‘diradi. Bu borada Turkiya va Ozarbayjon tomonidan qo‘shma media platforma doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni hamkorlikni TDTning barcha a’zolari ishtirokida yanada kengaytirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Darhaqiqat, bugun Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston xalqaro siyosat va iqtisodiyotning muhim markazi sifatida beqiyos ahamiyatga ega. Qolaversa, mamlakatingiz mintaqa davlatlarining umumiy manfaatiga xizmat qiladigan hamjihatlikni yanada chuqurlashtirishga astoydil intilyapti.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya