Farg‘onada axborot sohasiga oid hududlararo seminar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida hududlararo o‘quv-seminar tashkil etildi.
“Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot kotiblari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tegishli vazirlik va idoralar vakillari seminarga onlayn tarzda ham qo‘shildi.
Seminarda axborot sohasida milliy qonunchilik talablariga rioya etish, axborot mahsulotlarini amaldagi me’yorlar asosida tayyorlash va tarqatish, monitoring hamda profilaktika ishlarini takomillashtirish, shuningdek, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-30535]
Tadbirda axborot sohasi xodimlarining huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, axborot mahsulotlarini yosh toifalari bo‘yicha tasniflashga oid yondashuvlarni takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Seminar yakunida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari ommaviy axborot vositalari vakillariga sertifikatlar topshirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA