Muhammad Rafiq Qobilov: O‘zbekistonda kutganimdan ham ko‘proq bilim olyapman
Tojikistonlik Muhammad Rafiq Qobilov bugungi kunda O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olmoqda. “Yoshlar ovozi” rukni doirasida uning tahsil olish uchun O‘zbekistonni tanlagani, talabalik hayoti, Toshkentga moslashish jarayoni hamda kelajakdagi orzu-maqsadlari xususida qisqa suhbat uyushtirdik.
– Aytingchi, oliy ma’lumot olish uchun xorijiy mamlakatlar ichida nega aynan O‘zbekistonni tanlagansiz?
– Tojikistonning Tursunzoda shahridanman. O‘n birinchi sinfda o‘qiyotganimda ota-onam va akam menga juda ko‘p universitetlarni taklif qilishdi. Asosan, Yevropa va boshqa qit’alardagi, vatanimdan uzoqdagi o‘lkalar universitetlarini. Menga esa yurtimga yaqinroq joyda o‘qish qulay edi, chunki oilada kenja o‘g‘ilman. Bungacha hecham uzoqqa safar qilmaganman. To‘g‘ri, avvaliga Koreya yoki Xitoyda o‘qishni xohlagandim. Baribir, oxir-oqibat qardosh O‘zbekistonda to‘xtaldim. Zero, bu zamin hozir boshqa mamlakatlardan hech jabhada qolishmaydi. Men tanlagan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) esa mamlakatdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biridir.
– JIDU haqida qayerdan ma’lumot oldingiz va sizni bu dargohning nimasi jalb qildi?

– Bu universitet haqida maktabda o‘quvchilik paytimdayoq eshitganman. Akam internet orqali bu ta’lim maskani to‘g‘risida hamma ma’lumotni topib, menga aytdi. O‘zimga ham bu universitet yoqdi, chunki xalqaro munosabatlar yo‘nalishiga juda qiziqardim. Shundan keyin otam bilan kelib, universitetni ko‘rdik, qulayliklar, o‘qish darajasi bilan tanishdik. Hammasi yuqori darajada ekan.
– O‘qish uchun yurtingizdan olisda bo‘lish qiyin kechmayaptimi? Ota-onangiz bunga qanday munosabat bildirishdi?
– Ha, boshida biroz qiyin bo‘ldi, chunki tug‘ilib o‘sgan Vatandan, ota-onadan, oiladan uzoqda yashash... Dadam tezda rozi bo‘ldilar, onam esa, boya aytganimdek, kenja farzand bo‘lganim uchun dastlab qarshi chiqdilar. Keyin esa ota-onam birgalikda meni qo‘llab-quvvatlashdi.
– Toshkentga moslashish qanday kechdi?
– Moslashishga qiynalmadim, chunki men avval ham bu shaharda bir necha marta bo‘lganman. Toshkent, O‘zbekiston men uchun ikkinchi vatan kabi. Axir, o‘zbek va tojik azaliy birodar. Faqat tilimizda farq bor, madaniyat, qadriyat, urf-odatlar juda o‘xshash.
– Talaba sifatida universitetingizdagi ta’lim darajasini qanday baholaysiz?
– To‘g‘risi, JIDUda kutganimdan ham ko‘proq bilim olyapman. Zero, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarini nafaqat Markaziy Osiyodagi yetakchi oliy ta’lim dargohlari, balki rivojlangan davlatlardagi, Yevropa yoki Amerika universitetlari bilan bemalol qiyoslash mumkin. Masalan, bizning universitetda hammasi ajoyib: imtihon topshirish, o‘qish, vazifani yuklash yoki darsga qatnashish… Hammasi yuqori darajada.
– Birinchi yil qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va to‘siqlarni qanday yengib o‘tdingiz?
– O‘zbek tilini bilaman, lekin grammatikani hali to‘liq o‘zlashtira olganim yo‘q. Birinchi chorakda o‘zbek tilini o‘rgandik. Boshqa qiyinchilik sezilmadi. Biror masala chiqsa, kursdoshlarim, do‘stlarim doim yordam berishadi, qo‘llab-quvvatlashadi.
– O‘qishni tugatib Tojikistonga qaytasizmi yoki boshqa rejalar bormi?
– O‘qishni tugatgach, albatta yurtimga qaytaman. Vatanimda harbiy xizmatni o‘tayman. Tojikistonda “Har yak farzand boyad xizmat kunad, xizmat ham farzu qarz ast har yak farzand ast” degan gap bor. Ma’nosi – Har bir yigit harbiy xizmatga borishi kerak, bu ham qarz, ham farz.
Shundan so‘ng o‘qishni Yevropada, magistraturada davom ettirmoqchiman. Angliya yo Italiyada o‘qish niyatim bor. Zero, qanday sohada bo‘lmasin, yetakchi bo‘lish yaxshi.
Orash Akaboyev suhbatlashdi.
O‘zA