Muddatli harbiy xizmatchilar abituriyent ruxsatnomalarini oldi
FOTOREPORTAJ
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar uchun ruxsatnomalarni yuklab olish boshlandi.
Shu munosabat bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilarga elektron kutubxonadagi kompyuterlar orqali abituriyent ruxsatnomalarini yuklab olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Harbiy xizmatchilar shaxsiy kabinetlari orqali ruxsatnomalarini olib, test sinovlarida ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
[gallery-30320]
Muddatli harbiy xizmatchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish istaklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida harbiy qismlarda zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, ularning bo‘sh vaqtlarida tanlagan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashi uchun o‘quv adabiyotlari, elektron resurslar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish imkoniyati ta’minlangan.
Mutaxassislar ko‘magida muddatli harbiy xizmatchilar Bilim va malakalarni baholash agentligining elektron platformasidagi shaxsiy kabinetlariga kirib, abituriyent ruxsatnomalarini yuklab oldi. Shuningdek, ularga test sinovlarida ishtirok etish uchun talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirish, ruxsatnomadagi ma’lumotlarni tekshirish hamda imtihon jarayoniga oid tartib-taomillar yuzasidan tushuntirish berildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugda muddatli harbiy xizmatchilarning ta’lim olishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA