Muammolar yuzma-yuz o‘rganildi
Tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyat va yengilliklarni keng tushuntirish bugungi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Sirdaryo viloyatida kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar, amaliy seminarlar va sayyor uchrashuvlar izchil tashkil etilmoqda.
Navbatdagi ana shunday muloqot Xovos tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar, soliq organlari mas’ullari hamda qator davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ularni qiziqtirayotgan masalalarni bevosita o‘rganish va amaliy yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida soliq organlari faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etayotgan “tekshiruvdan — servisga” tamoyilining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda tadbirkorlarga nisbatan nazoratdan ko‘ra xizmat ko‘rsatish, maslahat berish va amaliy ko‘maklashish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Seminarda soliq ma’muriyatchiligini yanada soddalashtirish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari, hisobot topshirish jarayonlarini yengillashtirish hamda qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish, tadbirkorlarning vaqt va mablag‘ini tejashga xizmat qiluvchi yangi mexanizmlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Bugungi kunda soliq xizmati organlarining asosiy vazifasi tadbirkor uchun ishonchli hamkor va maslahatchi bo‘lishdan iborat. Shu bois har bir murojaatni diqqat bilan o‘rganishga, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Ayrim hollarda kichik bir masalaning hal etilishi tadbirkorlik faoliyati rivojiga katta turtki berishi mumkin. Bizning maqsadimiz — tadbirkorlarning vaqti va mablag‘ini tejash, ularning qonuniy va samarali faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratishdir, – deydi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.

Ochiq muloqotning eng muhim jihati shunda bo‘ldiki, har bir tadbirkor o‘zini qiynayotgan muammo va takliflarini bevosita mas’ullarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Savol-javoblarga boy o‘tgan uchrashuvda soliq hisobotlari, elektron xizmatlardan foydalanish, mavjud imtiyozlardan samarali foydalanish va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa tegishli tartibda nazoratga olindi.

Mazkur ochiq muloqotlar birgina Xovos tumani bilan cheklanib qolmayapti. Xususan, bunday uchrashuv va amaliy seminarlar Oqoltin, Mirzaobod va Boyovut tumanlarida, shuningdek, viloyat soliq boshqarmasida ham tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida yuzlab tadbirkorlarning murojaat va takliflari o‘rganilib, ularning aksariyati bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqildi. Ayni paytda bu kabi muloqotlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri