Mis simlarga jon bağişlayotgan nozik qöllar
Bugun bepoyon Qizilqum sahrosida hayot qaynamoqda. Bu yerda keçayu kunduz töxtovsiz harakatda bölgan ulkan burğilaş qurilmalari, oğir toğ-kon texnikalari, murakkab işlab çiqariş majmualari minglab insonlarning mehnati bilan hamohang işlaydi. Ammo ana şu ulkan mexanizmlarning bir maromda harakatlanişida köpçilik eʼtiboridan çetda qoladigan, biroq nihoyatda muhim bir mehnat bor. Bu elektr jihozlariga qayta hayot bağişlaydigan mohir mutaxassislar mehnati.
Qiziği şundaki, oğir sanoatning şiddatli olamida nozik qöllari bilan temir va mis simlar orasida mehnat qilayotgan ayollar ham bor. Ulardan biri Uçquduqda yaşab, faoliyat yuritayotgan Sayyora Niyozovadir.
Şimoliy kon boşqarmasi Elektr jihozlarini taʼmirlaş uçastkasida mehnat qilayotgan Sayyora uçun har bir iş kuni yangi masʼuliyat, yangi vazifa va yangi sinov demakdir. Zero, uşbu uçastkada taʼmirlangan har bir elektr dvigateli konlardagi ulkan texnikalarning işonçli harakatlanişini taʼminlaydi. Bu yerdagi har bir detal, har bir sim va izolyatsiya qatlami işlab çiqariş jarayonining uzluksizligi uçun muhim ahamiyat kasb etadi.
Sayyora barça ayollar kabi gözallikni qadrlaydi. Çiroyli kiyiniş, öziga oro berişni xuş köradi. Ammo işxona ostonasidan qadam qöyişi bilan maxsus korjomasini kiyib, soçlarini yiğib, işga şaylanadi. Çunki uning kasbi nafaqat bilim va mahorat, balki intizom, ehtiyotkorlik va jismoniy çidamni ham talab etadi.
U iş stoli qarşisida mis simlar bilan işlayotganida, göyo mohir çevarning qöl harakatlarini eslatadi. Faqat çevar ipak iplardan nafis naqşlar yaratsa, Sayyora yaltiroq mis simlardan elektr dvigatelining murakkab öramlarini hosil qiladi. Uning oldida gilam dastgohi emas, balki elektr çizmalari, turli ölçamdagi simlar va murakkab mexanizmlar turadi.

Har bir simning öz örni, har bir ulanişning öz tartibi bor. Birgina eʼtiborsizlik katta nosozlikka sabab bölişi mumkin. Şu bois Sayyora har bir işga katta masʼuliyat bilan yondaşadi.
Eng muhimi, uning qöllari mehnati bilan işdan çiqqan, sovuq temir uyumiga aylanib qolgan elektr dvigatellari yana işga qaytadi. Taʼmirdan çiqqan bu dvigatellar esa özidan yuz, hatto ming barobar katta texnikalarni harakatga keltiradi. Buni qarangki, nozik qöllar yaratgan mahorat oğir sanoatning ulkan kuçiga aylanadi.
Bugun uçastkada Sayyora Niyozova kabi yigirmadan ortiq xotin-qiz elektr jihozlari izolyatsiyasi va öramlarini taʼmirlaş böyiça elektromontyor sifatida faoliyat yuritmoqda. Ularning mehnatida nafaqat kasbiy mahorat, balki işga bölgan mehr, sabr-toqat va masʼuliyat mujassam.
Bu jamoaning faoliyati faqat elektr jihozlarini taʼmirlaş bilan çeklanib qolmayapti. Keyingi yillarda Şimoliy kon boşqarmasida mahalliylaştiriş dasturi doirasida ham salmoqli natijalarga erişildi. Kon sanoati elektrodvigatellarini taʼmirlaş uçun zarur bölgan muhim ehtiyot qismlar va maxsus izolyatsiya materiallarini xorijdan xarid qiliş örniga, ularni mahalliy şaroitda işlab çiqariş özlaştirildi. Bu esa nafaqat valyuta mablağlarini tejaş, balki işlab çiqariş samaradorligini oşiriş, ehtiyot qismlar taʼminotidagi mustaqillikni mustahkamlaşga ham xizmat qilmoqda.
– Albatta, kasbimizning öziga yaraşa maşaqqatlari köp. Seximizda quvvati 0,25 kilovattdan 315 kilovattgaça bölgan elektr jihozlari qisman va kapital taʼmirlanadi. Iş jarayonida turli qalinlikdagi simlar bilan işlaşimizga töğri keladi. Ingiçka simlar juda nozik bölib, ozgina ehtiyotsizlikdan uzilişi mumkin. Qalin va qattiq simlarni esa bukiş, kerakli şaklga keltiriş ança qiyin. Baʼzida ular bilan işlaş uçun oğir bolğa ham qöllaşga töğri keladi. Şuning uçun kasbimizda sabr, diqqat va tajriba juda muhim, – deydi qahramonimiz.
Darhaqiqat, bu sohada mahorat yillar davomida şakllanadi. Ayrim elektrodvigatellar bir kun içida taʼmirlanib, foydalanişga topşirilsa, murakkab va yiriklarini sozlaş ikki-uç kungaça davom etadi. Biroq işning tez bajarilişidan ham muhimroq talab bor: sifat! Sababi taʼmirdan çiqqan har bir dvigatel kon şaroitida kamida olti oy davomida uzluksiz va benuqson işlaşi kerak.
Uning fikriça, haqiqiy mutaxassisning mahorati faqat işni bajarişda emas, balki xatosini tan oliş, undan xulosa çiqariş va kelgusida takrorlamaslikda ham namoyon böladi. Bir qaraşda oddiy tuyulgan har bir texnik operatsiyaning öziga xos qoida va talablari bor. Sayyora bu boradagi bir voqeani eslaydi:

– Bir gal mexanizmni soat strelkasiga teskari yönalişda örnatib qöygan ekanman. Keyin maʼlum bölişiça, uşbu generatorni faqat soat strelkasi yönalişida örnatiş talab etilarkan. Ustozim menga mexanizmni teskari yönalişda örnatiş usulini ham örgatgan edi. Ayrim dvigatellarda buning ahamiyati katta bölmasligi mumkin, ammo generatorlarda aylaniş yönalişiga qatʼiy rioya qiliş şart. Şu voqeadan keyin har bir mexanizmni işga topşirişdan oldin yanada sinçiklab tekşirişga odatlandim. Har ikki usulni ham puxta özlaştirganim bugungi iş faoliyatimda asqatmoqda.
Aslida, kasb sirlarini örganişning eng samarali yöli ham ana şu tajriba, kuzatuv va öz ustida muntazam işlaşdir. Bugun Sayyora Niyozova nafaqat öz kasbining mohir ustasi, balki yoş mutaxassislarga yöl-yöriq körsatayotgan tajribali ustoz hamdir. U şogirdlariga elektr çizmalarini öqiş, simlarni töğri joylaştiriş, izolyatsiya işlarini sifatli bajariş sirlarini örgatadi. Eng muhimi, ularga har bir işga masʼuliyat bilan yondaşişni, kasbni sevişni va öz mehnati natijasi uçun javobgar bölişni uqtiradi.
Iş kuni yakunlanib, sexdagi şovqin-suron ortda qolgaç, Sayyora yana özining mehribon ona, suyukli beka va latofatli ayol qiyofasiga qaytadi. Ammo uning hayotidagi mehr va fidoyilik işxona bilan uy örtasida çegara bilmaydi. U qayerda bölmasin, zimmasidagi vazifani sidqidildan bajarişga intiladi.
Bugun Qizilqum sahrosidagi ulkan sanoat korxonalarida minglab texnikalar tinimsiz harakatda. Ulkan sanoatning yuragi faqat temir va elektr quvvati bilan emas, uning ortida turgan insonlarning mehri, bilimi va fidoyiligi bilan ham uradi.
A.Böriyev, ÖzA muxbiri