O‘zbekistonlik olima-ayol Butunjahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti etib saylandi
Mintaqamiz ilm-fani tarixida muhim va e’tirofga loyiq voqea yuz berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Shahlo Turdiqulova 2027–2028-yillar uchun Butunjahon fanlar akademiyasining (TWAS) Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. Ushbu tayinlov orqali olima akademiyaning butun tarixi davomida uning rahbariyatiga loyiq ko‘rilgan O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasidan chiqqan ilk vakil sifatida tarixga kirdi.
Ma’lumki, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Abdus Salam tashabbusi bilan 1983-yilda tashkil etilgan Butunjahon fanlar akademiyasi dunyoning 112 mamlakatidan yetakchi tadqiqotchilar va Nobel mukofoti sohiblarini birlashtiradi. YUNESKOning dasturiy tuzilmasi hisoblangan mazkur nufuzli tashkilot rivojlanayotgan davlatlarda ilm-fan taraqqiyotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois, TWAS a’zolarining ovoz berishi natijalariga ko‘ra aniqlangan mazkur saylovda Shahlo Turdiqulova akademiyaning olti nafar vitse-prezidentidan biri sifatida 2027-yil 1-yanvardan o‘z vakolatlarini bajarishga kirishadi. Qayd etish joizki, u 2025-yildan buyon ushbu akademiya a’zosi hisoblanadi.
Bundan tashqari, TWASning yangi Kengashiga Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Hou Szyango rahbarlik qiladi. Professor Shahlo Turdiqulovaning mazkur Kengash tarkibiga kirishi Markaziy Osiyoga akademiyaning global ilmiy kun tartibini shakllantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashda bevosita ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Shu o‘rinda biologiya fanlari doktori, biotexnologiya, biokimyo va inson genetikasi sohalarining taniqli mutaxassisi hamda Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulovaning boy ilmiy va kasbiy faoliyatiga to‘xtalib o‘tish joiz. Xususan, u doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash doirasida Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining (UCLA) membrana biologiyasi laboratoriyasida muhim izlanishlar olib borgan bo‘lsa, 2025-yilda Oksford universitetining tashkiliy yetakchilik bo‘yicha diplomini (Postgraduate Diploma in Organisational Leadership) qo‘lga kiritgan. Shuningdek, uning ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo aholisi genetikasini o‘rganish va yurtimizda biotexnologiyalarni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning bevosita rahbarligida COVID-19 infeksiyasini aniqlovchi ilk mahalliy PZR-test tizimi hamda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligidagi mashhur ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi ishlab chiqilgan.
Ma’lumki, TWAS ilmiy tadqiqotlar uchun keng ko‘lamli grantlar ajratadi, malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashadi hamda tadqiqot markazlari o‘rtasidagi akademik almashinuvlarni rag‘batlantiradi. Shu ma’noda, Shahlo Turdiqulovaning ushbu nufuzli lavozimga saylanishi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning ilmiy tashabbuslarini xalqaro miqyosda yanada faol ilgari surish, sohadagi hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqa yosh olimlarining global dasturlardagi ishtirokini yangi bosqichga ko‘tarish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA