Milliy o‘yinlar festivali o‘tkazildi
Millatning o‘zligi uning ibratli qadriyatlari va an’analari, o‘z qiyofasi bilan bardavom. Toshkent shahridagi «Navro‘z» istirohat bog‘ida milliy o‘yinlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ayol ma’rifati» harakati hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Tadbir milliy qadriyatlar, an’analar va o‘zbek xalq o‘yinlarining betakror namoyishiga aylandi.
Festivalda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ushbu festival farzandlarimiz ruhiyatiga milliy g‘ururni, ming yillik davlatchilik tarixiga ega O‘zbekistonimizning harb qudrati, xalqimizning har qanday vaziyatda ham insoniy qarorlar qabul qilish, yengilmaslik va dunyoni milliy o‘yinlar ruhida tinchlikka ilhomlantirish maqsadida tashkil etilganini e’tirof etdi.
[gallery-29651]
Folklorshunos olimlarning fikricha, necha asrlik tarixga ega Alpomish dostonida Alp o‘g‘lonlarimizning mardligi, Barchin qizlarimizning hayosi, nuroniylarimizning hikmati, oila qurish, davlat bunyod etish, xalqning dardi bilan yashash falsafasi mujassam bo‘lgani kabi milliy o‘yinlarimizda ham yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalovchi omil bor.
Festival davomida ishtirokchi jamoalar o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi milliy o‘yinlarni namoyish etdi. Asrlar osha sayqallanib kelgan «Oqsoq bo‘ri va qo‘ylar», «Bo‘ri, echki va uning bolalari», «Laylak keldi», «Qiz va qushlar», «Durra otar», «Tayoq tepdi», «Oshqovoq uzdi», «Chavandozlar» va «Qarmoqcha» kabi o‘nlab an’anaviy o‘yinlar yosh avlod ishtirokida jonlantirildi. Har bir o‘yin nafaqat jismoniy chaqqonlik, balki diqqat, tezkor fikrlash, mardlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalashga xizmat qildi.
Festival doirasida To‘maris, Barchin va Alpomish kabi xalqimizning mardlik va jasorat timsoli bo‘lgan obrazlar jonlantirildi. Shuningdek, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy taomlar namoyishi, etnik kiyimlar va moda namoyishi, milliy ohanglar hamda mahalliy san’atkorlarning konsert dasturlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Dorbozlar, qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchilar, baxshilar, folklor jamoalari va yosh rassomlarning ishtiroki tadbirga o‘zgacha milliy ruh bag‘ishladi.
Tadbirning bosh maqsadi aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida o‘zbek xalq milliy o‘yinlarini targ‘ib etish, ularni kundalik hayotda qo‘llashga undash va kelgusi avlodlarga sof ko‘rinishda yetkazishdan iborat bo‘ldi. Tadbir orqali milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lash, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga muhim hissa qo‘shildi.
Festival xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini, milliy o‘yinlarning tarbiyaviy va ma’naviy qudratini namoyon etgan ko‘ngilli bayramga aylandi. Bunday tadbirlar milliy o‘zlikni anglash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va yosh avlodni sog‘lom hamda barkamol etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari