“Raqamli o‘qituvchi” loyihasi – muvaffaqiyat garovi
Turkiyaning Yaqin Sharq texnika universiteti va Nabitat tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan ta’lim loyihasi muvaffaqiyat qozondi. Asosiy g‘oya – o‘qituvchini texnologiyadan samarali foydalana oladigan mutaxassisga aylantirish.
Bugun ta’limda raqamlashtirish faqat elektron doska, planshet yoki onlayn dars emas, balki texnologiyadan ta’lim sifati va o‘quvchi imkoniyatini kengaytirish uchun qanday foydalanish ham. Turkiyada amalga oshirilayotgan “Raqamli o‘qituvchi” loyihasi doirasida shu vaqtga qadar 11 000 dan ko‘p o‘qituvchi raqamli ko‘nikma bo‘yicha ta’lim oldi. Ularning sinfdagi faoliyati orqali loyihaning bilvosita ta’siri qariyb 300 000 o‘quvchiga yetib bordi.
Tashabbusning dastlabki maqsadi o‘qituvchini raqamli dunyoga moslashtirish va unga zamonaviy texnologiyadan ta’lim jarayonida foydalanish uchun zarur ko‘nikma berish edi. Ilk bosqichda asosiy e’tibor boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘qituvchilariga qaratildi.
O‘qituvchi raqamli xavfsizlik, shaxsiy ma’lumotni himoya qilish, tanqidiy fikrlash, raqamli mahsulot yaratish, vizual dizayn, taqdimot tayyorlash, o‘lchash va baholash kabi yo‘nalishlarda bilim oldilar. Tabiiyki, texnologiya jadal o‘zgargani sari o‘qituvchiga qo‘yiladigan talab ham kuchaymoqda. Shu bois loyihaning 11-bosqichida dastur mazmuni qayta ko‘rib chiqildi. Endi dasturga maktabgacha ta’lim va litsey o‘qituvchilari ham jalb etilmoqda. Natijada ta’limning turli bosqichlari pedagoglari qamrab olinadigan keng platforma yuzaga keldi.
Ta’lim mazmuni “raqamli intellekt” yondashuvi asosida yangilangani yangi bosqichning yana bir muhim xususiyatidir. Maqsad – o‘qituvchiga faqat yangi dastur yoki sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rgatish emas. Muhimi – texnologiyani tanqidiy, ongli va mas’uliyatli qo‘llash madaniyatini shakllantirish. Shuning uchun raqamli xavfsizlik va maxfiylik, raqamli kontent yaratish, o‘lchash va baholash, tanqidiy fikrlash hamda muammoni hal qilish kabi ko‘nikmalarga ham e’tibor qaratilmoqda. Boshqacha aytganda, texnologiyani faqat qanday ishlatish emas, balki darsda qachon va nima maqsadda qo‘llash ham o‘rgatilyapti.
Dastur ta’siri faqat kursda qatnashgan pedagoglar soni bilan o‘lchanmaydi.
O‘qituvchi olgan bilimi va ko‘nikmasini sinfda qo‘llaydi. O‘quvchi esa bevosita bilim qabul qiluvchiga aylanadi. Shu tariqa birgina o‘qituvchi yordamida o‘nlab, yuzlab o‘quvchi raqamli ta’lim imkoniyatidan foydalanadi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab 1 000 o‘qituvchi raqamli savodxonlik bo‘yicha ta’lim oladi. Baholash jarayonidan keyin saralab olingan 100 nafar pedagog ikkinchi bosqichda virtual va kengaytirilgan real texnologiyadan ta’limda foydalanish bo‘yicha chuqurlashtirilgan dasturda ishtirok etadi. Ya’ni, ta’lim texnologiyasi oddiy vositadan interfaol o‘quv muhitiga aylanadi. O‘quvchi virtual muhitda tarixiy voqeani ko‘rishi, murakkab ilmiy jarayonni modellashtirishi yoki hayotda amalga oshirish qiyin tajribani raqamli muhitda o‘rganishi mumkin. Bunday yondashuv ta’limni faqat ma’lumot berish jarayonidan tajribaga asoslangan o‘qish shakliga yaqinlashtiradi.
Ta’lim o‘z-o‘zidan o‘zgarmaydi. Texnologiyani qanday va nima uchun qo‘llashni biladigan o‘qituvchi o‘zgarishning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
2020-yil yo‘lga qo‘yilgan “Raqamli o‘qituvchi” loyihasi ayni haqiqatni ko‘rsatmoqda: raqamli transformatsiya avvalo qurilma emas, inson kapitali – o‘qituvchidan boshlanadi. SI, virtual reallik va raqamli ta’lim vositasi tobora keng qo‘llanayotgan bir davrda eng muhimi texnologiya nechog‘li kuchli ekanida emas, insonning bilimi, tafakkuri va ta’lim olish imkoniyati qay darajada kengayishida. Turkiyaning “Raqamli o‘qituvchi” loyihasi aynan texnologiyani ta’lim maqsadiga emas, balki sohani rivojlantiruvchi vositaga aylantirish maqsadini ko‘zlagan.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya