Maktab sumkasining bola salomatligi va jismoniy rivojlanishiga ta’siri
Sumka tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Yangi o‘quv yili yaqin. Ota-onalarning zimmasida farzandlari uchun maktab anjomlari, jumladan, eng kerakli buyum — maktab sumkasini xarid qilishdek shirin tashvishlar bor. Bozorlar va do‘konlar rang-barang, turfa shakldagi portfel va ryukzaklar bilan to‘la. Ota-onalar ko‘pincha farzandining xohishiga ko‘ra chiroyli yoki arzonroq mahsulotni tanlashga harakat qiladi. Biroq ko‘pchilik tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lgan sumkaning bola organizmi uchun qanchalik xavfli yoki foydali ekani haqida o‘ylab ko‘rmasligi, noto‘g‘ri tanlangan portfel bolaning jismoniy rivojlanishiga, qaddi-qomatiga va umumiy salomatligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun sumkaning asl og‘irligi 700 grammdan, yuqori sinf o‘quvchilariniki esa 1 kilogrammdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
– Afsuski, ko‘plab ota-onalar bu talabni hisobga olmaydi. Bolalarning o‘z vaznidan 10-15 foizidan ortiq yukni har kuni yelkasida ko‘tarib yurishi esa og‘ir salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, – deydi Sanepidqo‘m Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor tumani bo‘limi sanitariya vrachi Dildora Mirakbarova. – Ayniqsa, endi shakllanib kelayotgan bola organizmiga tushadigan haddan tashqari og‘irlik surunkali charchoqqa, umurtqa pog‘onasining qiyshayishiga — skolioz va lordoz kabi xavfli ortopedik kasalliklarga sabab bo‘ladi. Noto‘g‘ri taqsimlangan yuk yelka va bel mushaklarini bir tomonlama zo‘riqtirib, qon aylanishining buzilishiga va bosh og‘riqlariga ham zamin yaratadi.
Ota-onalar ko‘p hollarda sumka tanlashda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yadi. Ularning eng keng tarqalgan xatosi — portfelning og‘irligi va hajmiga emas, balki faqat uning dizayni, chiroyli suratlari yoki arzon narxiga e’tibor qaratishidir. Ko‘pchilik ota-onalar “kelajakda kattaroq kitoblar ham bemalol sig‘adi”, “keyingi yil ham ishlatiladi“, degan o‘y bilan bolaning gavdasiga nisbatan katta va hajmli sumkalarni sotib oladi. Bu esa bolaning qaddi-qomatini noto‘g‘ri shakllantirib, yelka va bel mushaklariga ortiqcha yuk tushiradi. Shuningdek, bolaning xohishiga ko‘ra ko‘plab bezaklari bor, sifati kafolatlanmagan va hech qanday ortopedik xususiyatga ega bo‘lmagan yumshoq ryukzaklarni tanlash ham juda ko‘p kuzatiladigan yana bir xato hisoblanadi.
Shu bois, sumkaning og‘irligidan tashqari uning anatomik tuzilishi va o‘lchamlariga ham qat’iy e’tibor qaratish talab etiladi. Sumkaning hajmi bolaning gavdasiga mos bo‘lishi, ya’ni yelka chizig‘i bilan teng, pastki qismi esa bel chuqurligida joylashishi zarur. U belidan pastga osilib yoki yelkadan oshib ketmasligi kerak. Bundan tashqari, Dildora Mirakbarova ta’kidlaganidek, sumkaning bog‘ichlari ingichka ipdan qilinmasligi va bolaning yelkasiga botmasligi shart. Ingichka va qattiq bog‘ichlar yelkadagi asab tolalarini va qon tomirlarini siqib qo‘yib, qo‘llarning uvushishigacha olib kelishi mumkin. Shuning uchun eni keng, yumshoq va anatomik qoplamaga ega bo‘lgan bog‘ichli hamda orqasi maxsus qattiq qolipli ryukzaklarni tanlash maqsadga muvofiqdir.
Yana bir e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan jihat xomashyo sifati va gigiyenik xavfsizlikdir. Bozorlarda uchraydigan ba’zi arzon va sifatsiz sumkalar kuchli hamda o‘tkir kimyoviy hid chiqaradi. Bunday mahsulotlarni tayyorlashda zaharli bo‘yoqlar va past sifatli polimer materiallar ishlatilgan bo‘ladi. Bola bunday sumkani kun bo‘yi yonida ko‘tarib yurganida, undan ajralib chiqadigan toksik moddalar nafas yo‘llari orqali turli allergik reaksiyalarni, nafas olish a’zolari xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli mahsulotning ekologik tozaligi va sifat sertifikatiga ega ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Sifatli maktab ryukzaklarini ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotning orqa qismini havo o‘tkazuvchi to‘qimali setkalar bilan jihozlashi, yelka tasmalarini maxsus yumshoq amortizatorlar bilan mustahkamlashi lozim. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotning tikuv sifati, zamonaviy suv o‘tkazmaydigan matolardan foydalanilishi va eng asosiysi, gigiyenik xulosalar hamda sifat sertifikatlarining mavjudligi ta’minlanishi shart. Ishlab chiqarish jarayonida mahsulot og‘irligini minimal darajada saqlagan holda mustahkamlikni oshirishga erishish bugungi kun sanoatining bosh vazifasi hisoblanadi.
Shu o‘rinda, sumkaning ichki tuzilishi va bo‘linmalarining to‘g‘ri joylashganligi ham umurtqa sog‘lig‘iga bevosita ta’sir qilishini unutmaslik lozim. Kitoblar, daftarlar va og‘ir jihozlarning sumka ichida tartibsiz sochilib yotishi markaziy og‘irlik markazini buzadi va bolaning bir tomonga og‘ib yurishiga majbur qiladi. Eng og‘ir va katta kitoblar har doim orqa devorga eng yaqin bo‘lgan asosiy bo‘linmaga, ya’ni bevosita umurtqa pog‘onasiga tegib turadigan qismga joylashtirilishi kerak. Bu tartib bosimni har tomonga bir tekis taqsimlab, qomatning egilib qolishining oldini oladi, shuningdek, bolaning yurish jarayonidagi muvozanatini barqaror saqlaydi.
Bundan tashqari, zamonaviy maktab ryukzaklarini tanlashda ularning tashqi xavfsizlik elementlariga, xususan, yorug‘lik qaytaruvchi (svetootrajatel) qismlariga e’tibor qaratish ayniqsa, muhimdir. Qishki va kuzgi mavsumlarda kunlar erta qorong‘ilashishi, bolalarning maktabdan qaytish yoki to‘garaklarga borish jarayoni katta yo‘llar yoki ko‘cha kesishmalari orqali o‘tishini hisobga olsak, bunday lentalarning ahamiyati yaqqol ko‘rinadi. Sumkaning orqa va yon qismlarida maxsus nur qaytaruvchi elementlarning mavjudligi qorong‘i vaqtda haydovchilar piyoda bolani uzoqdan ilg‘ab olishini ta’minlaydi hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda katta himoya vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Nihoyat, ota-onalar shuni anglashi kerakki, eng sifatli va qimmatbaho ortopedik sumka sotib olingan taqdirda ham, uning ichiga ortiqcha va keraksiz buyumlarni olib yurish barcha ijobiy himoya xususiyatlarini yo‘qqa chiqaradi. Maktab o‘quvchisi har kuni faqat o‘sha kungi jadvalga kerak bo‘lgan darsliklar va o‘quv qurollarinigina olib yurishi lozim. Shuningdek, bolalar sumkani doim ikkala yelkasiga ham bir xil taqib yurishi shart, chunki portfelni faqat bir yelkaga osib yurish odat tusiga kirib qolsa, umurtqa pog‘onasining bir tomonlama qiyshayishiga va mushaklar asimmetriyasiga olib keladi. Shunday ekan, to‘g‘ri tanlangan sumka va uni to‘g‘ri ishlatish madaniyatini shakllantirish bola jismoniy salomatligini asrashda muhim sanaladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA